32-modda. Suvdan foydalanuvchilarning huquqlari
Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida (837-XII-son) · Sana: 06.05.1993 · Amalda
Suvdan foydalanuvchilar:
suv obyektlari qanday maqsadlar uchun foydalanishga berilgan boʻlsa, faqat shu maqsadlarda foydalanish;
suvdan foydalanishni amalga oshirish uchun qonunchilikda belgilangan tartibda inshootlar, qurilmalar hamda boshqa obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish;
berilayotgan suvning miqdori va sifatini tekshirish;
qonunchilikda nazarda tutilgan hollarni istisno etganda, suvdan foydalanish toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha olinmay qolgan suv uchun kompensatsiya talab qilish;
suv resurslarini boshqarishga oid qarorlar qabul qilinishida ishtirok etish;
manbaning taxmin qilingan va haqiqiy suvliligidan kelib chiqqan holda suv olish limitlarini oʻzgartirish boʻyicha takliflar kiritish;
oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlarining buzilishi, shu jumladan belgilangan suv olish limitlari va suv berish rejimiga muvofiq suv olish huquqining buzilishi tufayli yetkazilgan zararning oʻrni qonunchilikda belgilangan tartibda qoplanishini talab qilish huquqiga egadir.
Suvdan foydalanuvchilar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
