101-modda. Yer osti suvlarini muhofaza qilish
Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida (837-XII-son) · Sana: 06.05.1993 · Amalda
Yer osti suvlari chiqarish va undan foydalanish bilan shugʻullanuvchi idoralar suv chiqarilayotgan uchastka va unga tutash hududlarda yer osti suvlariga doir rejimlarga rioya etilishini kuzatib borishlari, shuningdek foydalanilayotgan suvning miqdori va sifatining hisobini yuritishlari shart.
Basharti, foydali qazilmalar konlarini qidirish, ularni oʻrganish va ulardan foydalanish bilan bogʻliq burgʻilash hamda boshqa kon-qidiruv ishlari bajarish chogʻida yer osti suvlari bor qatlamlar aniqlangani taqdirda, bu haqda geologiya va mineral resurslar organlariga maʼlum qilinishi hamda belgilangan tartibda yer osti suvlarini muhofaza qilishga qaratilgan chora-tadbirlar koʻrilishi lozim.
Basharti, sanoat oqova suvlarini oqizish uchun qaziladigan quduqlar suvli qatlamlarni ifloslantirish manbaiga aylanishi mumkin boʻlsa, bunday quduqlar qazish barcha hollarda man etiladi.
Yer osti suvlariga quduqlarni burgʻilash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tomonidan berilgan ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi.
Oʻz-oʻzidan suv chiqarib, suvi foydalanish uchun yaroqsiz boʻlgan quduqlarga suvni boshqarish uskunalari oʻrnatilishi, ular qonunchilikda belgilangan tartibda toʻxtatib qoʻyilishi yoki tugatilishi lozim.
Sifatli yer osti suvlari toʻplanadigan manbalar tegrasida qattiq va suyuq chiqindilar toʻplash, axlatxonalar barpo etish, yer osti suvlarining ifloslanish manbaiga aylanish ehtimoli boʻlgan sanoat, qishloq xoʻjalik obyektlari va boshqa obyektlar qurilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Yer osti suvlarini muhofaza qilish chora-tadbirlarini koʻrish, shu jumladan quduqlarni kuzatish tarmogʻini yaratish faoliyati yer osti suvlarining holatiga taʼsir koʻrsatuvchi korxonalar tomonidan amalga oshiriladi.
