100-modda. Suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalari, sohil boʻyi mintaqalari va sanitariya muhofazasi zonalari
Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida (837-XII-son) · Sana: 06.05.1993 · Amalda
Suv obyektlarining tuproq eroziyasi mahsulotlari bilan bulgʻanishi, ifloslanishi, kamayishi va loyqa choʻkishining oldini olish hamda ularni bartaraf etish, shuningdek qulay suv rejimini saqlash, foydalanish va taʼmirlash-tiklash ishlarini olib borish uchun normal shart-sharoit yaratish maqsadida qonunchilikka muvofiq suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalari va sohil boʻyi mintaqalari belgilanadi.
Aholining ichimlik, maishiy va davolash-sogʻlomlashtirish ehtiyojlari uchun foydalaniladigan suvlarni muhofaza qilish maqsadida qonunchilikka muvofiq suv obyektlarining sanitariya muhofazasi zonalari belgilanadi.
Suv obyektlarining vazifasi, joylashgan oʻrni va texnik koʻrsatkichlaridan kelib chiqqan holda suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalari, sohil boʻyi mintaqalari va sanitariya muhofazasi zonalarida xoʻjalik faoliyatining maxsus rejimi belgilanadi.
Suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalari, sohil boʻyi mintaqalari va sanitariya muhofazasi zonalarini muhofaza qilish hamda ulardan foydalanish tartibi va shartlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
