9-modda. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish
Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar toʻgʻrisida (813-I-son) · Sana: 19.08.1999 · Amalda
Litsenziyaning amal qilishi quyidagi hollarda toʻxtatib turilishi mumkin:
litsenziat litsenziya shartnomasida nazarda tutilgan litsenziya talablari va shartlarini buzganligi aniqlanganda;
litsenziyalovchi organlarning aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish majburiyatini litsenziat zimmasiga yuklovchi qarorlari litsenziat tomonidan bajarilmaganda.
Litsenziyaning amal qilishini litsenziyalovchi organ oʻn ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatga, sud esa oʻn ish kunidan koʻp boʻlgan muddatga toʻxtatib turishi mumkin.
Litsenziyalovchi organ yoki sud litsenziat litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turishga olib kelgan holatlarni bartaraf etishi uchun muddat belgilashi shart. Bunda litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turishga olib kelgan holatlarni bartaraf etishi uchun sud qarorida belgilangan muddat olti oydan koʻp boʻlishi mumkin emas.
Litsenziat litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turishga olib kelgan holatlarni bartaraf etgan taqdirda, litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan litsenziyalovchi organ yoki sud koʻrsatilgan holatlar bartaraf etilganligi toʻgʻrisidagi tasdiqnomani olgan kundan eʼtiboran litsenziyaning amal qilishini tiklash toʻgʻrisida uch kun muddat ichida qaror qabul qilishi shart.
