91-modda. Litsenziyaning amal qilishini tugatish va litsenziyani bekor qilish
Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar toʻgʻrisida (813-I-son) · Sana: 19.08.1999 · Amalda
Litsenziyaning amal qilishi quyidagi hollarda tugatiladi:
litsenziat litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat etganda;
yuridik shaxs tugatilganda — tugatilgan paytdan eʼtiboran yoki uning faoliyati qayta tashkil etish natijasida tugatilganda — qayta tashkil etilgan paytdan eʼtiboran, bundan uning oʻzgartirilishi, shuningdek yangidan vujudga kelgan yuridik shaxsni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sanasida qayta tashkil etilayotgan yuridik shaxslarda litsenziya mavjud boʻlgan taqdirda qoʻshib yuborilishi mustasno;
litsenziat litsenziya shartnomasida nazarda tutilgan litsenziya talablarini va shartlarini muntazam ravishda yoki bir marotaba qoʻpol ravishda buzganda;
litsenziat litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turishga olib kelgan holatlarni sud yoki litsenziyalovchi organ belgilagan muddatda bartaraf etmaganda;
ruxsat etilgan faoliyat turini amalga oshirish qoidalariga rioya etish yuzasidan majburiyatlar litsenziat tomonidan bir yil ichida takroran bajarilmaganda;
litsenziyalovchi organning litsenziya berish toʻgʻrisidagi qarorining qonunga xilofligi aniqlanganda;
litsenziat tomonidan litsenziyada belgilangan faoliyat turiga rioya etilmaganda;
litsenziyaning amal qilish muddati tugaganda.
Litsenziyaning amal qilishini tugatish ushbu modda birinchi qismining toʻrtinchi — sakkizinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hollarda sud qaroriga, boshqa hollarda esa, litsenziyalovchi organning qaroriga binoan amalga oshiriladi.
Tugatish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran litsenziyaning amal qilishi tugatiladi.
Litsenziyani bekor qilish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
litsenziatning arizasiga binoan;
agar litsenziat litsenziya berganlik uchun davlat bojini unga litsenziya berish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganligi haqidagi xabarnoma yuborilgan (topshirilgan) paytdan eʼtiboran uch oy ichida toʻlamagan yoki litsenziya shartnomasini imzolamagan boʻlsa;
litsenziya soxta hujjatlardan foydalanilgan holda olinganligi fakti aniqlanganda.
Litsenziyani bekor qilish ushbu modda toʻrtinchi qismining toʻrtinchi xatboshisida nazarda tutilgan holda sud qaroriga, boshqa hollarda esa, litsenziyalovchi organning qaroriga binoan amalga oshiriladi.
