4-modda. Chet ellik investorlarga beriladigan qoʻshimcha kafolatlar va ularni himoya qilish choralari
Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari toʻgʻrisida (611-I-son) · Sana: 30.04.1998 · Amalda
Chet ellik investorlarni himoya qilishning umumiy kafolatlari va choralari bilan bir qatorda qonun hujjatlarida qoʻshimcha, shu jumladan sheriklar tomonidan chet ellik investorlar oldidagi oʻz majburiyatlarining soʻzsiz bajarilishini taʼminlovchi kafolatlar va ularni himoya qilish choralari nazarda tutilishi mumkin.
Chet ellik investorlarga qoʻshimcha kafolatlar va ularni himoya qilish choralari har bir muayyan holda, yaʼni:
barqaror iqtisodiy oʻsishni, mamlakat iqtisodiyotida ilgʻor tuzilmaviy oʻzgarishlar roʻy berishini taʼminlovchi ustuvor tarmoqlarga investitsiyalar kiritilayotganda;
yuqori zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga va yuqori texnologik ishlab chiqarishlarni rivojlantirishga investitsiyalar kiritilayotganda;
respublikaning eksport imkoniyati mustahkamlanishi va kengayishini, respublika jahon xoʻjalik aloqalariga integratsiyalashuvini taʼminlovchi ustuvor loyihalarga investitsiya kiritilayotganda;
amalga oshirilishi xomashyo va materiallarni qayta ishlashga, isteʼmol tovarlari ishlab chiqarish va xizmatlar koʻrsatishga, aholini ish bilan taʼminlashga qaratilgan kichik tadbirkorlik sohasidagi loyihalarga investitsiyalar kiritilayotganda berilishi mumkin.
Chet ellik investorlarga qoʻshimcha kafolatlar va ularni himoya qilish choralari Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan kafolat berishni, investitsiya loyihalarini moliyaviy taʼminlashda koʻmaklashishni, maxsus soliq va toʻlov rejimi yaratilishini, loyihalar roʻyobga chiqarilishining davlat monitoringi amalga oshirilishini tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini taʼminlashni hamda qonun hujjatlariga muvofiq boshqa choralarni oʻz ichiga olishi mumkin.
Chet ellik investorlarga qoʻshimcha kafolatlar va ularni himoya qilish choralari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari asosida berilib, ularda, xususan, chet el investitsiyalarini kiritish, ulardan foydalanish va ularning oʻrni qoplanishini taʼminlash shartlari hamda tartibi va (yoki) Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va chet ellik investor oʻrtasida qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda tuziladigan investitsiya shartnomalarini, ularda chet ellik investorning investitsiya majburiyatlarini mustahkamlagan holda, tasdiqlash nazarda tutiladi.
