3-modda. Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari
Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari toʻgʻrisida (611-I-son) · Sana: 30.04.1998 · Amalda
Davlat Oʻzbekiston Respublikasi hududida investitsiya faoliyatini amalga oshiruvchi chet ellik investorlarning huquqlarini kafolatlaydi va himoya qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining amalga oshirilishi taʼminlanishini hisobga olgan holda fuqaroligi, yashash joyi, diniy eʼtiqodi, iqtisodiy faoliyati qayerda amalga oshirayotganligiga, shuningdek investorlar yoki investitsiyalarning qaysi mamlakatga mansubligiga qarab chet ellik investorlarning kamsitilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Qonun hujjatlari, shu jumladan idoraviy normativ hujjatlar, agar ularning ijrosi chet ellik investorga yoki chet el investitsiyalariga zarar yetkazsa, ular orqaga qaytish kuchiga ega emas.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining keyingi qonun hujjatlari investitsiyalash shart-sharoitlarini yomonlashtirsa, unda chet ellik investorlarga nisbatan investitsiyalash sanasida amal qilgan qonun hujjatlari investitsiyalash paytidan boshlab oʻn yil mobaynida qoʻllaniladi. Chet ellik investor oʻz xohishiga koʻra yangi qonun hujjatlarining investitsiyalash shart-sharoitlarini yaxshilaydigan qoidalarini qoʻllash huquqiga egadir.
Quyidagilarni nazarda tutgan holda qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining yangi qonun hujjatlarini qabul qilish investitsiyalash shart-sharoitlarini yomonlashtirish hisoblanadi:
chet ellik investorga toʻlanadigan dividendlar tarzida olinadigan daromadlar boʻyicha foyda soligʻi miqdorining (stavkasining) koʻpaytirilishi;
chet ellik investorning Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga oʻtkaziladigan daromadini (foydasini) oʻz mamlakatiga qaytarish tartib-taomilini murakkablashtiruvchi yoki ularning miqdorini kamaytiruvchi qoʻshimcha talablarning joriy etilishi, bundan chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonaning toʻlovga qobiliyatsizligi va bankrotligi yoki kredit beruvchilarning huquqlarini himoya qilish, chet ellik investor — jismoniy shaxs sodir etgan jinoyat yoki maʼmuriy huquqbuzarlik hollarida yoxud sud yoki hakamlikning hal qiluv qaroriga muvofiq mablagʻlarni oʻz mamlakatiga qaytarishni toʻxtatib turishning boshqa zarurati boʻlganda vakolatli davlat organi tomonidan chet ellik investorning mablagʻlarini qonun hujjatlarini kamsitmaydigan tarzda qoʻllash sharoitida oʻz mamlakatiga qaytarishni toʻxtatib turish hollari mustasno;
