5-modda. Davlat mulkiga aylantirishdan kafolatlar. Rekvizitsiyalarni amalga oshirish shartlari
Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari toʻgʻrisida (611-I-son) · Sana: 30.04.1998 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasidagi chet el investitsiyalari va chet ellik investorlarning boshqa aktivlari davlat mulkiga aylantirilmaydi.
Chet el investitsiyalari va chet ellik investorlarning boshqa aktivlari rekvizitsiya qilinmaydi, tabiiy ofatlar, falokatlar, epidemiyalar, epizootiya hollari bundan mustasno.
Rekvizitsiya toʻgʻrisidagi qaror:
koʻrsatilgan hollardan kelib chiquvchi vazifalarni hal etish uchun zarur boʻlgan investitsiyalar yoki boshqa aktivlarning eng kam miqdori cheklanadigan;
kamsitilmaydigan asosda va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladigan;
yetkazilgan zararga monand ravishda tovon toʻlanadigan rekvizitsiya boʻyicha, talablarga rioya etilgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadi. Davlat koʻrsatib oʻtilgan tovon toʻlovlari oʻz vaqtida amalga oshirilishiga kafil boʻladi.
Chet ellik investor sud va hakamlik tartibida quyidagilar boʻyicha, xususan:
rekvizitsiyani amalga oshirish uchun qoʻllanayotgan maqsadning qonuniyligi;
rekvizitsiya miqdori;
rekvizitsiya qilinadigan investitsiyalar va boshqa aktivlar bahosi;
toʻlanishi kerak boʻlgan tovon toʻlovlarining mosligi;
rekvizitsiyani amalga oshirish paytida davlat boshqaruv organlari va davlat hokimiyati mahalliy organlari rioya qilgan tartib yuzasidan bahslashishga haqli.
