“131-modda. Buyurtmalar agregatori operatorining huquq va majburiyatlari
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga elektron tijorat sohasini takomillashtirishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-1173-son) · Sana: 10.09.2026 · Amalda
Buyurtmalar agregatori operatori ushbu Qonun 12-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan elektron tijorat operatorining huquqlaridan tashqari talablar, takliflar va boshqa omillardan kelib chiqqan holda xaridor uchun koʻrsatiladigan xizmatlarning (ishlarning) yakuniy qiymatini mustaqil shakllantirish va belgilash huquqiga ega.
Buyurtmalar agregatori operatori ushbu Qonun 12-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatilgan elektron tijorat operatorining majburiyatlaridan tashqari:
faoliyatning litsenziyalanadigan turlarini amalga oshirayotgan yoki faoliyatni (harakatlarni) ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar asosida yoxud xabardor qilish tartibida amalga oshirayotgan sotuvchilarning tegishli litsenziyalarini yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarini yoxud xabarnomalarini tekshirishi;
qonunchilikka muvofiq muomaladan olib qoʻyilgan yoki muomalasi cheklangan xizmatlarning (ishlarning) realizatsiya qilinishiga barham berilishi boʻyicha choralar koʻrishi;
buyurtmalar agregatoridan foydalanuvchilarning shaxsga doir maʼlumotlari konfidensialligini taʼminlashi, shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etishi;
buyurtmalar agregatorida toʻlovlarni amalga oshirishda axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik talablariga rioya etilishini taʼminlashi;
buyurtmalar agregatorining faoliyati bilan bogʻliq murojaatlarni qonunchilikda belgilangan tartibda koʻrib chiqishi;
vakolatli davlat organiga tegishli axborotni qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda va tartibda taqdim etishi;
xizmatlarni (ishlarni) taklif qilish va tartiblashtirish algoritmlari shaffofligini taʼminlashi;
xaridor tomonidan sharhlar qoldirilishi imkoniyatini yaratishi, ularni oʻzgartirmasligi va ularning saqlanishini taʼminlashi (bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno);
buyurtmalar agregatoridan foydalanish qoidalarini, shartnoma (ommaviy oferta) shartlarini, shuningdek qonunchilik hujjatlariga muvofiq oshkor etilishi majburiy boʻlgan boshqa maʼlumotlarni buyurtmalar agregatorida joylashtirishi shart.
