132-modda. Raqamli striming xizmati operatorining huquq va majburiyatlari
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga elektron tijorat sohasini takomillashtirishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-1173-son) · Sana: 10.09.2026 · Amalda
Raqamli striming xizmati operatori ushbu Qonun 12-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan elektron tijorat operatori huquqlaridan tashqari oʻz raqamli striming xizmatida raqamli mahsulotlardan foydalanish qoidalarini mustaqil belgilash, shuningdek qonunchilik hujjatlariga muvofiq kontentni (axborot resursi mazmunini) moderatsiya qilish huquqiga ega.
Raqamli striming xizmati operatori ushbu Qonun 12-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatilgan elektron tijorat operatorining majburiyatlaridan tashqari:
raqamli striming xizmatida joylashtirilgan raqamli mahsulotlarga nisbatan mualliflik huquqiga va turdosh huquqlarga rioya etilishini taʼminlashi, intellektual mulk obyektlaridan noqonuniy foydalanish holatlarini monitoring qilishi va ularning oldini olish choralarini koʻrishi;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq muomalasi cheklangan yoki taqiqlangan raqamli mahsulotlarning tarqatilishiga barham berilishi boʻyicha choralar koʻrishi;
foydalanuvchilarga taqdim etilayotgan raqamli mahsulotlar va striming xizmatlari sifatining belgilangan talablarga muvofiqligini taʼminlashi;
raqamli striming xizmatidan foydalanuvchilarning shaxsga doir maʼlumotlari konfidensialligini taʼminlashi, shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etishi;
raqamli striming xizmatida toʻlovlarni amalga oshirishda axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik talablariga rioya etilishini taʼminlashi;
raqamli striming xizmati faoliyati bilan bogʻliq murojaatlarni qonunchilikda belgilangan tartibda koʻrib chiqishi;
vakolatli davlat organiga tegishli axborotni qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda va tartibda taqdim etishi;
raqamli mahsulotlarni taklif qilish va tartiblashtirish algoritmlari shaffofligini taʼminlashi;
xaridor tomonidan sharhlar qoldirilishi imkoniyatini yaratishi, ularni oʻzgartirmasligi va ularning saqlanishini taʼminlashi (bundan qonunchilikda nazarda tutilgan xollar mustasno);
raqamli striming xizmatidan foydalanish qoidalarini, shartnoma (ommaviy oferta) shartlarini, shuningdek qonunchilik hujjatlariga muvofiq oshkor etilishi majburiy boʻlgan boshqa maʼlumotlarni raqamli striming xizmatida joylashtirishi shart.
