“13-modda. Elektron savdo platformasi operatorining huquq va majburiyatlari
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga elektron tijorat sohasini takomillashtirishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-1173-son) · Sana: 10.09.2026 · Amalda
Elektron savdo platformasi operatori ushbu Qonun 12-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan elektron tijorat operatori huquqlaridan tashqari oʻz elektron savdo platformasida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) bevosita, mustaqil ravishda sotish huquqiga ham ega.
Elektron savdo platformasi operatori ushbu Qonun 12-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatilgan elektron tijorat operatori majburiyatlaridan tashqari:
faoliyatning litsenziyalanadigan turlarini amalga oshirayotgan yoki faoliyatni (harakatlarni) ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar asosida yoxud xabardor qilish tartibida amalga oshirayotgan sotuvchilarning tegishli litsenziyalarini yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarini yoxud xabarnomalarini tekshirishi;
qonunchilikka muvofiq muomaladan olib qoʻyilgan yoki muomalasi cheklangan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) realizatsiya qilinishiga barham berilishi boʻyicha choralar koʻrishi;
elektron savdo platformasidan foydalanuvchilarning shaxsga doir maʼlumotlari konfidensialligini taʼminlashi, shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etishi;
elektron savdo platformasida toʻlovlarni amalga oshirishda axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik talablariga rioya etilishini taʼminlashi;
elektron savdo platformasi faoliyati bilan bogʻliq murojaatlarni qonunchilikda belgilangan tartibda koʻrib chiqishi;
vakolatli davlat organiga tegishli axborotni qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda va tartibda taqdim etishi;
tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) taklif qilish va tartiblashtirish algoritmlari shaffofligini taʼminlashi;
xaridor tomonidan sharhlar qoldirilishi imkoniyatini yaratishi, ularni oʻzgartirmasligi va ularning saqlanishini taʼminlashi (bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno);
elektron savdo platformasidan foydalanish qoidalarini, shartnoma (ommaviy oferta) shartlarini, shuningdek qonunchilik hujjatlariga muvofiq oshkor etilishi majburiy boʻlgan boshqa maʼlumotlarni elektron savdo platformasida joylashtirishi shart.
Agar elektron savdo platformasi operatori elektron tijorat sohasidagi oʻz faoliyatini toʻxtatib turmoqchi boʻlsa yoki xizmat koʻrsatish qoidalariga oʻzgartirishlar kiritmoqchi boʻlsa, bu haqda kamida oʻttiz kun oldin tegishli elektron savdo platformasida eʼlon berishi kerak (bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno)”;
