26-modda. Ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordamdan foydalanuvchilarning huquqlari
Ijtimoiy ish toʻgʻrisida (O‘RQ-1159-son) · Sana: 23.07.2026 · Amalda
Ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordamdan foydalanuvchilar quyidagi huquqlarga ega:
oʻziga yoki oʻz qaramogʻidagi shaxsga nisbatan insonparvarlik bilan va uning qadr-qimmatini kamsitmaydigan tarzda hamda izzat-hurmat bilan munosabatda boʻlinishini talab qilish;
oʻzining yoki oʻz qaramogʻidagi shaxsning huquq va majburiyatlari, ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam turlari, ularning taqdim etilish tartibi, muddatlari va shartlari, shuningdek ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam koʻrsatuvchi ijtimoiy xodim toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni soʻrash hamda bepul olish;
oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shu jumladan oʻz manfaatlarining maxsus vakolatli davlat organi tomonidan himoya qilinishi huquqidan foydalanish;
ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam koʻrsatilishi chogʻida oʻzining shaxsga doir maʼlumotlari maxfiyligi taʼminlanishini talab qilish;
ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordamdan foydalanishga nisbatan oʻz xohish-istaklarini bildirish;
jinsi, irqi, millati, tili, dini, eʼtiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeyidan qatʼi nazar, ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordamdan kamsitilmagan holda foydalanish;
oʻziga yoki oʻz qaramogʻidagi shaxsga nisbatan koʻrsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordamning sifati ustidan shikoyat qilish;
ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordamning rejalashtirilishida hamda koʻrsatilishida ishtirok etish;
ijtimoiy xizmatlar koʻrsatuvchilar tomonidan oʻziga yoki oʻz qaramogʻidagi shaxsga ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam koʻrsatilishini rad etish;
oʻziga yoki oʻz qaramogʻidagi shaxsga ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam koʻrsatilayotganda qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa shakldagi ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordamdan foydalanish.
Ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordamdan foydalanuvchilar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
