29-modda. Toshkent xalqaro tijorat sudi — Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisida (O‘RQ-1158-son)
29-modda. Toshkent xalqaro tijorat sudi
Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisida (O‘RQ-1158-son) · Sana: 13.07.2026 · Amalda
Toshkent xalqaro tijorat sudi Moliya markazining sud organi hisoblanadi va u mutlaq sud hokimiyatini mustaqil ravishda, ushbu Konstitutsiyaviy Qonunga muvofiq amalga oshiradi.
Toshkent xalqaro tijorat sudi oʻz funksiyalarini bajarish uchun zarur boʻlgan moliyaviy, maʼmuriy mustaqillikka va ish yuritish borasidagi mustaqillikka ega boʻladi. Toshkent xalqaro tijorat sudining sudyalari sudlov funksiyalarini mustaqil ravishda amalga oshiradi.
Toshkent xalqaro tijorat sudi oʻz yurisdiksiyasiga kiruvchi nizolarni sud tartibida hal etish va sud maʼmuriyatchiligi boʻyicha mutlaq vakolatlarga ega boʻladi.
Toshkent xalqaro tijorat sudi oʻz vakolatlarini amalga oshirishda mustaqil va xolis faoliyat yuritadi hamda unga koʻrsatmalar berilishiga yoki uning faoliyatiga har qanday tarzda aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Toshkent xalqaro tijorat sudi oʻz vakolatlarini amalga oshirishda oʻziga murojaat qilgan barcha shaxslarning huquqlarini, erkinliklarini va qonuniy manfaatlarini himoya qiladi hamda Moliya markazida va Raqamli texnologiyalar xalqaro markazida qoʻllaniladigan huquqning lozim darajada talqin qilinishini, tushunilishini va qoʻllanilishini taʼminlaydi.
Toshkent xalqaro tijorat sudi odil sudlovni samarali, shaffof, izchil va xolis amalga oshirish orqali Moliya markazining va Raqamli texnologiyalar xalqaro markazining jahon darajasida yuqori ishonchga ega boʻlgan maxsus markaz sifatidagi obroʻsini namoyon etishga hamda mustahkamlashga koʻmaklashadi. Toshkent xalqaro tijorat sudi faoliyatining samaradorligi uning sud jarayonlari va qarorlarining xolisligi, oldindan koʻra bilish, natijadorlik va adolatlilik mezonlari boʻyicha baholanadi.
Toshkent xalqaro tijorat sudini tashkil etish, uning ichki maʼmuriyatchiligi hamda odil sudlovga oid boʻlmagan sud boshqaruvi ushbu Konstitutsiyaviy Qonunga va Moliya markazining qarorlariga muvofiq amalga oshiriladi. Bunday boshqaruv mexanizmlari sudyalarning odil sudlovni amalga oshirishdagi mustaqilligiga zarar yetkazmasligi lozim. Hech qanday boshqaruv tartibi Toshkent xalqaro tijorat sudi sudyalarining sud qarorlariga nisbatan koʻrsatma berilishini yoki ular yuzasidan hisobdorlik belgilanishini nazarda tutishi mumkin emas.
Toshkent xalqaro tijorat sudi jinoyat ishlarini hamda maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqmaydi. Ushbu qoida oʻz mohiyatiga koʻra tijorat nizosi, iqtisodiy, fuqarolik-huquqiy nizo, Moliya markazi organi talablarining buzilishi, moliya bozoridagi nojoʻya xatti-harakat deb hisoblangan hamda ushbu Konstitutsiyaviy Qonun yoki Moliya markazining qarorlari doirasida hal qilinishi mumkin boʻlgan ishlar yuzasidan Moliya markazi yurisdiksiyasi doirasida taʼsir choralarini qoʻllashga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Toshkent xalqaro tijorat sudi ikki instansiyadan iborat:
birinchi instansiya sudi;
apellyatsiya sudi.
Toshkent xalqaro tijorat sudiga Bosh sudya rahbarlik qiladi. Bosh sudya Moliya markazi kengashining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi.
Toshkent xalqaro tijorat sudining sudyalari Bosh sudyaning sudyalarning zarur soni koʻrsatilgan taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi. Har qanday davlat fuqarosi Toshkent xalqaro tijorat sudining sudyasi boʻlishi mumkin. Ular Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq sudyalar uchun belgilangan, ushbu Konstitutsiyaviy Qonunga muvofiq boʻlgan va unga zid boʻlmagan darajadagi sud mustaqilligidan, kafolatlardan, daxlsizlikdan, imtiyozlardan va xizmat shart-sharoitlaridan foydalanadi.
Toshkent xalqaro tijorat sudi sudyalarining mehnatiga haq toʻlash miqdori va xizmat oʻtashning boshqa shartlari Bosh sudya tomonidan kiritilgan taklif asosida Moliya markazi kengashining qarori bilan belgilanadi.
Bosh sudya Toshkent xalqaro tijorat sudi kotibini tayinlaydi. Kotib Toshkent xalqaro tijorat sudining maʼmuriy va joriy boshqaruvi uchun masʼuldir hamda u oʻz funksiyalarini ushbu Konstitutsiyaviy Qonunga va Moliya markazining qarorlariga muvofiq, Bosh sudyaning rahbarligi hamda nazorati ostida bajaradi.
Toshkent xalqaro tijorat sudining tarkibini, uning ixtisoslashgan boʻlinmalarini tuzish, sudyalarni va sud apparati xodimlarini tayinlash, ularning vakolatlari muddati hamda ularni lavozimidan ozod qilish tartibi, malaka talablari, shuningdek Toshkent xalqaro tijorat sudi faoliyatini tashkil etishning umumiy asoslari Moliya markazining qarorlari bilan belgilanadi.
Bosh sudya Moliya markazining kengashi yoki Moliya markazining boshqa organi tomonidan qoʻshimcha tasdiqlanishi talab qilinmagan holda, Toshkent xalqaro tijorat sudida ishlarni koʻrish amaliyotiga, tartibiga, maʼmuriyatchiligiga, ishlarni boshqarish hamda sud ish yurituviga doir sud qoidalarini, protsessual qoidalarni, amaliyot koʻrsatmalarini, sud reyestri koʻrsatmalarini, shakllarni, protokollarni, qoʻllanmalarni va boshqa hujjatlarni joriy etish, qabul qilish, ularga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, ularni yangi tahrirda qabul qilish hamda bekor qilish boʻyicha toʻliq vakolatga ega boʻladi.
Toshkent xalqaro tijorat sudi ijroni taʼminlashga doir ajrimlarni chiqarish, mol-mulkni xatlash, pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalarni vaqtincha toʻxtatib turish, mol-mulkka nisbatan undiruvni taʼminlash, mol-mulkni vaqtincha saqlash, vaqtinchalik taqiqlovchi yoki majburlovchi koʻrsatmalar berish, qidiruv oʻtkazish, axborotni va hujjatlarni taqdim etishni yoki oshkor qilishni talab etish, shuningdek Moliya markazining qarorlarida yoki Raqamli texnologiyalar xalqaro markazining qarorlarida, qoidalarida yoxud taʼsis hujjatlarida (bundan buyon matnda Raqamli texnologiyalar xalqaro markazining qarorlari deb yuritiladi) nazarda tutilgan boshqa vaqtinchalik choralarni, himoya yoki ijroni taʼminlash choralarini qoʻllash vakolatiga ega boʻladi.
Toshkent xalqaro tijorat sudi ijro ishlarini, sud topshiriqlarini bajarish, dalillarni olish, vaqtinchalik choralarni qoʻllash, toʻlovga qobiliyatsizlikka oid ishlarni hamda transchegaraviy nizolarni hal etish masalalari boʻyicha Moliya markazining qarorlariga, qoʻllaniladigan huquq normalariga va Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi sudlari hamda xorijiy davlatlar sudlari bilan hamkorlik qilishi mumkin.
Toshkent xalqaro tijorat sudining sudyalari doimiy sudyalar, muayyan ish boʻyicha tayinlanadigan (ad hoc) sudyalar, ixtisoslashgan sudyalar, isteʼfodagi xorijiy sudyalar, xalqaro tijorat sudyalari, sud kotiblari (registratorlar) hamda xalqaro tijorat huquqi, moliya, bank ishi, kapital bozorlari, arbitraj, toʻlovga qobiliyatsizlik, restrukturizatsiya, texnologiyalar, raqamli aktivlar, sunʼiy intellekt, xalqaro nizolarni hal etish sohalarida yoki Moliya markazi va Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi uchun ahamiyatli boʻlgan boshqa sohalarda oʻz malakasi va tajribasi bilan tanilgan huquqiy ekspertlar orasidan shakllantirilishi mumkin. Muayyan ish boʻyicha tayinlanadigan (ad hoc) sudyalar va ixtisoslashgan sudyalar maxsus bilim va tajribani talab etadigan muayyan toifadagi ishlar, nizolar uchun yoki sud ishini yuritish uchun tayinlanishi yoki jalb etilishi mumkin.
Sudyalar, muayyan ish boʻyicha tayinlanadigan (ad hoc) sudyalar, ixtisoslashgan sudyalar va sud registratorlariga nisbatan qoʻyiladigan malaka talablari, ularni tayinlash tartibi, vakolatlari muddati, odob-axloqi, intizomiy javobgarligi va mehnatiga haq toʻlash masalalari Moliya markazining qarorlari bilan belgilanadi.
Toshkent xalqaro tijorat sudi quyidagi toifadagi nizolar boʻyicha mutlaq yurisdiksiyaga ega:
Moliya markazi shaxslarining oʻzaro va (yoki) orasidagi fuqarolik nizolari va mehnatga oid nizolar;
Moliya markazi hududida amalga oshiriladigan yoki Moliya markazining qarori bilan tartibga solinadigan faoliyatga, sodir etilgan deliktlar yoki boshqa huquqqa xilof xatti-harakatlarga, shuningdek Moliya markazi hududida joylashgan yoki Moliya markazining qarorlari bilan tartibga solinadigan mol-mulkka oid nizolar;
Moliya markazi ishtirokchilarining hamda Moliya markazi hududida yashovchi jismoniy shaxslarning toʻlovga qobiliyatsizligi va bankrotligi toʻgʻrisidagi ishlar;
taraflarning kelishuviga binoan Toshkent xalqaro tijorat sudi yurisdiksiyasiga oʻtkazilgan nizolar;
har qanday xalqaro arbitrajdan kelib chiqadigan yoki u bilan bogʻliq masalalar, shu jumladan vaqtinchalik choralarni yoki daʼvoni taʼminlash choralarini qoʻllashga, arbitrlarni tayinlashga, arbitrlarga raddiya bildirishga, yurisdiksiyaga oid masalalarni hal etishga, protsessual koʻmak koʻrsatishga, arbitraj qarorlarini bekor qilishga, tan olishga va ijro etishga doir arizalar, agar arbitraj joyi Moliya markazi etib belgilangan boʻlsa yoxud arbitraj Toshkent xalqaro arbitraj markazi tomonidan yuritilsa va taraflar Toshkent xalqaro tijorat sudi arbitraj boʻyicha nazorat sudi sifatida ish yuritishiga kelishgan boʻlsa yoki taraflar boshqacha tarzda Toshkent xalqaro tijorat sudining mazkur arbitrajga nisbatan yurisdiksiyasini tanlagan boʻlsa yoxud Toshkent xalqaro tijorat sudining yurisdiksiyasi ushbu Konstitutsiyaviy Qonun, Moliya markazining qarorlari yoki Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan boʻlsa;
Moliya markazi organlarining qarorlaridan, harakatlaridan yoki harakatsizligidan kelib chiqadigan arizalar, shikoyatlar yoki nizolar, shu jumladan ushbu Konstitutsiyaviy Qonunga yoki Moliya markazining qarorlariga muvofiq qabul qilingan tartibga solishga, litsenziyalashga, nazoratga, intizomiy, majburlov choralarini qoʻllashga yoki maʼmuriy qarorlarga oid nizolar;
Raqamli texnologiyalar xalqaro markazining qarorlari yoki Oʻzbekiston Respublikasining boshqa ixtisoslashgan markazining qarorlaridan, qoidalaridan yoxud taʼsis hujjatlaridan kelib chiqadigan nizolar, basharti bunday nizolar mazkur markazni tashkil etishga yoki uning faoliyatini tartibga solishga doir qonun yoki boshqa huquqiy hujjat bilan Toshkent xalqaro tijorat sudi vakolatiga bevosita kiritilgan boʻlsa;
ushbu Konstitutsiyaviy Qonun, Moliya markazining qarorlari, Raqamli texnologiyalar xalqaro markazining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonunchilik hujjatlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjati bilan Toshkent xalqaro tijorat sudining vakolatiga bevosita kiritilgan boshqa fuqarolik yoki tijorat nizolari, basharti bunday vakolat Toshkent xalqaro tijorat sudining xalqaro tijorat sudi sifatidagi tabiatiga va funksiyalariga muvofiq boʻlsa hamda Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligi boʻyicha odatdagi maʼmuriy-huquqiy nizolar yuzasidan umumiy yurisdiksiya berilishini anglatmasa.
Toshkent xalqaro tijorat sudi quyidagi barcha shaxslarga nisbatan shaxsiy yurisdiksiyaga ega:
Moliya markazining qarorlari yoki Raqamli texnologiyalar xalqaro markazining qarorlari bilan tartibga solinadigan bitimlarni tuzuvchi shaxslarga;
muayyan bitimga yoki nizoga nisbatan Toshkent xalqaro tijorat sudi yurisdiksiyasini qabul qilishga rozilik bildirgan shaxslarga.
Toshkent xalqaro tijorat sudi qaysi davlatda yoki yurisdiksiyada chiqarilganligidan qatʼi nazar, har qanday xalqaro arbitraj doirasida qabul qilingan arbitraj qarorini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisida qarorlar chiqarish vakolatiga ega. Agar Oʻzbekiston Respublikasi sud qarorlarini, sud buyruqlarini yoki arbitraj qarorlarini oʻzaro ijroga qaratishni nazarda tutuvchi xalqaro shartnoma tuzgan boʻlsa, Toshkent xalqaro tijorat sudi bunday shartnoma qoidalariga rioya etadi.
Toshkent xalqaro tijorat sudi apellyatsiya sudining yurisdiksiya masalalari hamda ishning mazmuni boʻyicha qarorlari uzil-kesil va majburiy boʻlib, ular ustidan keyinchalik shikoyat qilinmaydi.
Toshkent xalqaro tijorat sudining hal qiluv qarorlari, ajrimlari va qarorlari Oʻzbekiston Respublikasi nomidan chiqariladi. Toshkent xalqaro tijorat sudining yakuniy hal qiluv qarorlari, ajrimlari va qarorlari Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida tan olinadi hamda ijroga qaratiladi. Agar Toshkent xalqaro tijorat sudining hal qiluv qarorlari, ajrimlari va qarorlari Moliya markazida yoki Raqamli texnologiyalar xalqaro markazida ijroga qaratilishi talab etilsa, ijroga qaratish Toshkent xalqaro tijorat sudi tomonidan amalga oshiriladi. Ijroga qaratish Moliya markazi hududidan yoki Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi hududidan tashqarida amalga oshirish talab etilgan taqdirda esa Toshkent xalqaro tijorat sudining hal qiluv qarorlari, ajrimlari va qarorlari Oʻzbekiston Respublikasi boshqa sudlarining qonuniy kuchga kirgan va ijroga qaratilishi lozim boʻlgan sud hujjatlari bilan bir xil tartibda hamda bir xil shartlar asosida Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli ijro organlari tomonidan ijro etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi sudlarining qonuniy kuchga kirgan va ijroga qaratilishi lozim boʻlgan sud hujjatlari Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq Moliya markazi hududida tan olinadi hamda tegishli hollarda ijroga qaratiladi, bundan bunday sud hujjatlarini tan olish yoki ijroga qaratish ushbu Konstitutsiyaviy Qonunga yoki Moliya markazining qarorlariga zid boʻlgan hollar mustasno.
Toshkent xalqaro tijorat sudi Moliya markazining qarorlarini va Raqamli texnologiyalar xalqaro markazining qarorlarini sharhlash va talqin qilish, shu jumladan uning qoʻllanilish, amal qilish doirasini va huquqiy oqibatlarini aniqlash masalalari boʻyicha mutlaq yurisdiksiyaga ega. Mazkur qism Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining konstitutsiyaviy vakolatlari doirasiga kiradigan masalalar boʻyicha yurisdiksiyasini cheklamaydi.
Toshkent xalqaro tijorat sudi Oʻzbekiston Respublikasining budjet toʻgʻrisidagi qonunchiligiga muvofiq, Bosh sudyaning asoslantirilgan talabiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlangan miqdorda bevosita Toshkent xalqaro tijorat sudiga ajratiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan, shuningdek ushbu Konstitutsiyaviy Qonun yoki Moliya markazining qarorlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
Ushbu moddaning yigirma yettinchi qismiga muvofiq Toshkent xalqaro tijorat sudining faoliyatini moliyalashtirish maqsadlari uchun ajratilgan Davlat budjeti mablagʻlaridan faqat Toshkent xalqaro tijorat sudining faoliyatini taʼminlash uchun foydalaniladi.
Toshkent xalqaro tijorat sudining barcha qarorlari uning rasmiy veb-saytida hamma erkin tanishishi uchun eʼlon qilinadi. Qarorlar qabul qilinganidan keyin oʻttiz kun ichida eʼlon qilinishi kerak. Tijorat sirini tashkil etuvchi maʼlumotlar faqat tarafning arizasiga binoan va Toshkent xalqaro tijorat sudining ruxsati bilan, haqiqatan ham konfidensial boʻlgan tijorat maʼlumotlarini himoya qilish uchun zarur boʻlgan eng kam darajada tahrir qilinishi mumkin. Bunday tahrir qilish sud qarorining huquqiy asoslantirishlariga, qonunning qoʻllanilish asoslariga yoki xulosa qismiga nisbatan tatbiq etilmaydi. Bunday arizalarni koʻrib chiqish tartibi va mezonlari Toshkent xalqaro tijorat sudining qarorlari hamda Bosh sudyaning koʻrsatmalari bilan belgilanadi.
Toshkent xalqaro tijorat sudi Moliya markazi ishtirokchilarining, xodimlarining, investitsiyaviy soliq rezidentlarining hamda ular oila aʼzolarining, shuningdek Raqamli texnologiyalar xalqaro markazining qarorlarida belgilangan hollarda Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi bilan bogʻliq jismoniy shaxslarning vasiyatnomalarini tasdiqlash uchun vasiyatnomalar va vorislik reyestrini yuritadi. Bunday vasiyatnomalar Moliya markazining qarorlariga va tegishli hollarda Raqamli texnologiyalar xalqaro markazining qarorlariga muvofiq ijro etiladi va Toshkent xalqaro tijorat sudi tomonidan amalga kiritiladi. Ushbu qismga muvofiq vasiyatnomalarni roʻyxatdan oʻtkazish, oʻzgartirish va ijro etish tartibi, ularni rasmiylashtirish talablari hamda bunday vasiyatnomalarning Oʻzbekiston Respublikasining vorislik huquqi bilan oʻzaro munosabati Toshkent xalqaro tijorat sudining qarorlari bilan belgilanadi.
O'qish oynasida ochishRangli belgilar, qaydlar, qidiruv va tanlangan matn bo'yicha test bilan.
Matn lex.uz dan avtomatik olingan va mazmunan u bilan bir xil: bu alohida tahrir emas, o'sha matnning o'zi. U ta'lim va ma'lumot maqsadida keltirilgan, normalar mazmuni o'zgartirilmaydi. Bu rasmiy nashr emas: sud, shartnoma va rasmiy javoblar uchun lex.uz dagi amaldagi tahrirni tekshiring. Loyiha haqida
Sayt haqida: NEOLEX (veoskill) — O'zbekiston Respublikasi huquqi bo'yicha ta'lim loyihasi. U lex.uz o'rnini bosmaydi, o'sha matnlarga har bir modda uchun alohida manzil, oddiy so'zlar bilan izohlar, atamalar lug'ati, testlar va uch tilda o'qishni qo'shadi. Aloqa: Telegram @neovixar.
Quyidagicha iqtibos keltiring: 29-modda. Toshkent xalqaro tijorat sudi Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisida (O‘RQ-1158-son). neolex.uz/uz/laws/law-8325838/29 (lex.uz/docs/-8323797)