28-modda. Moliyaviy xizmatlar boshqarmasi
Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisida (O‘RQ-1158-son) · Sana: 13.07.2026 · Amalda
Moliyaviy xizmatlar boshqarmasi Moliya markazining moliyaviy xizmatlar sohasidagi asosiy tartibga soluvchi organi hisoblanadi hamda u Moliya markazi hududida amalga oshiriladigan moliyaviy xizmatlar va qoʻshimcha xizmatlar koʻrsatish boʻyicha faoliyatning litsenziyalanishi, tartibga solinishi, nazorat qilinishi va majburlov choralari qoʻllanilishi uchun masʼuldir.
Moliyaviy xizmatlar boshqarmasi yuridik shaxs hisoblanadi va u oʻz funksiyalarini bajarish uchun zarur boʻlgan moliyaviy, maʼmuriy mustaqillikka hamda ish yuritish borasidagi mustaqillikka ega boʻladi.
Moliyaviy xizmatlar boshqarmasi oʻzining tartibga solish, nazorat qilish funksiyalarini va kundalik faoliyatini amalga oshirishda mustaqil ravishda harakat qiladi hamda unga ushbu Konstitutsiyaviy Qonunda toʻgʻridan-toʻgʻri nazarda tutilgan hollardan tashqari boshqa koʻrsatmalar berilishiga, shuningdek uning faoliyatiga aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Moliyaviy xizmatlar boshqarmasining vakolatlari jumlasiga ushbu Konstitutsiyaviy Qonunga muvofiq moliyaviy xizmatlar sohasidagi bajarilishi majburiy boʻlgan qarorlarni ishlab chiqish, qabul qilish, qoʻllash va ularning ijrosini nazorat qilish kiradi.
Ushbu moddaning toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan umumiy vakolatlar cheklanmagan holda, Moliyaviy xizmatlar boshqarmasining vazifalari va vakolatlari Moliyaviy xizmatlar boshqarmasi tomonidan qabul qilinadigan, quyidagi masalalarga taalluqli Moliya markazi qarorlarini ishlab chiqish, qoʻllash, nazorat qilish hamda ularning ijrosini taʼminlashni oʻz ichiga oladi:
moliyaviy xizmatlarni va tartibga solinadigan qoʻshimcha xizmatlarni amalga oshirish uchun ruxsat berish, litsenziyalash, roʻyxatdan oʻtkazish hamda nazorat qilish;
prudensial tartibga solish, shu jumladan kapitalning yetarliligi, likvidlilik, leveraj, yirik tavakkalchiliklar, tiklash va hal etishni rejalashtirish hamda moliyaviy barqarorlik;
korporativ boshqaruv, tizimlar va nazorat mexanizmlari, xatarlarni boshqarish, ichki audit, komplayens, shuningdek nazorat qiluvchi shaxslarning, direktorlarning, yuqori turuvchi rahbarlarning va oʻziga vakolat berilgan shaxslarning ishchanlik obroʻsi, malakasi va maqbulligi;
biznesni yuritish qoidalari, mijozlarni tasniflash, xizmatlar va mahsulotlarning mijozga mosligini baholash, axborotni oshkor etish, moliyaviy xizmatlarni va mahsulotlarni targʻib qilish, bozordagi xulq-atvor hamda investorlarni himoya qilish;
