25-modda. Moliya markazining kengashi
Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisida (O‘RQ-1158-son) · Sana: 13.07.2026 · Amalda
Moliya markazining kengashi doimiy faoliyat yurituvchi kollegial organ hisoblanadi va kamida besh nafar aʼzodan iborat boʻladi.
Agar ushbu Konstitutsiyaviy Qonunda yoki Moliya markazining kengashi tomonidan qabul qilingan Moliya markazining qarorlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, Moliya markazi kengashining qarorlari koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda, Moliya markazi kengashi raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Moliya markazining kengashi ushbu Konstitutsiyaviy Qonunga muvofiq Moliya markazining umumiy strategiyasini, yoʻnalishini va boshqaruvini belgilash, shuningdek Moliya markazining ushbu Konstitutsiyaviy Qonunda belgilangan maqsadlari, vazifalari va prinsiplarini roʻyobga chiqarish uchun masʼuldir.
Moliya markazining kengashi quyidagi vakolatlarga ega:
Moliya markazini rivojlantirishning umumiy yoʻnalishini va strategiyasini belgilash;
Moliya markazining yillik budjetlarini, auditorlik xulosalarini va faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotlarini tasdiqlash;
agar vakolat ushbu Konstitutsiyaviy Qonun bilan Moliya markazining boshqa organiga toʻgʻridan-toʻgʻri berilmagan boʻlsa, Moliya markazining qarorlar, koʻrsatmalar, buyruqlar va bajarilishi majburiy boʻlgan boshqa hujjatlar shaklidagi qarorlarini qabul qilish;
Moliya markazining oʻz boʻysunuvidagi tuzilmalarini taʼsis etish va ularning tashkiliy tuzilmasini, shaklini, vakolatlari va funksiyalarini hamda ularning faoliyatini tugatish tartibini belgilash;
Moliya markazining hududidan tashqarida va xorijda, Oʻzbekiston Respublikasining davlat hokimiyati organlari va ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan boʻlgan har qanday muhokamalarda yoki nizolarda Moliya markazining manfaatlarini qoʻllab-quvvatlash;
ushbu Konstitutsiyaviy Qonunga muvofiq Moliya markazining faoliyatini muvofiqlashtirish, maʼmuriy boshqarish va uning strategik asoslarini amalga oshirish masalalari boʻyicha Moliya markazining boshqa organlari uchun majburiy boʻlgan qarorlar, buyruqlar va koʻrsatmalar qabul qilish, bunda mazkur qarorlar, buyruqlar va koʻrsatmalar Moliyaviy xizmatlar boshqarmasining kundalik faoliyatini amalga oshirishdagi mustaqilligiga yoki Toshkent xalqaro tijorat sudining sud mustaqilligiga daxl qilmasligi shart;
Moliya markazida muayyan sektorlarni, faoliyat turlarini, xizmatlarni, yurisdiksiyalarni, institutlarni yoki tartibga solish asoslarini ishga tushirish boʻyicha bosqichma-bosqich reja-jadvallarni belgilash.
