23-modda. Moliya yili, resurslar va audit
Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisida (O‘RQ-1158-son) · Sana: 13.07.2026 · Amalda
Moliya markazi organlarining birinchi moliya yili Moliya markazining kengashi tomonidan belgilangan Moliya markazini faollashtirish sanasidan boshlanib, shu yilning 31-dekabrida tugaydi, keyingi moliya yillari esa har yili 1-yanvardan boshlanib, 31-dekabrda tugaydi.
Agar Moliya markazining qarorida bevosita boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, xuddi shu moliya yili Moliya markazining har bir organiga va Moliya markazi organining har bir tashkilotiga nisbatan ham qoʻllaniladi.
Moliya markazi organlarining mablagʻlari quyidagilardan iborat:
Oʻzbekiston Respublikasining budjet toʻgʻrisidagi qonunchiligiga muvofiq ularga Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetidan ajratiladigan yillik mablagʻlardan;
Moliya markazining organlari tomonidan Moliya markazining ishtirokchilariga va boshqa shaxslarga litsenziya berish, roʻyxatdan oʻtkazish, ruxsatnoma berish hamda xizmatlar koʻrsatish uchun Moliya markazining qarorlariga muvofiq undiriladigan yigʻimlar va toʻlovlardan;
ushbu Konstitutsiyaviy Qonunga va Moliya markazining qarorlariga muvofiq hamda Moliya markazining maqsadlariga mos keladigan tarzda Moliya markazining kengashi tomonidan belgilanadigan boshqa mablagʻlardan.
Moliya markazining kengashi Oʻzbekiston Respublikasida tan olingan va xalqaro darajada eʼtirof etilgan kasbiy malakaga ega boʻlgan bir yoki bir nechta mustaqil auditorni Moliya markazining hamda Moliya markazi organlarining konsolidatsiyalashgan yillik moliyaviy hisobotlarini auditdan oʻtkazish uchun tayinlaydi.
Moliya markazining kengashi Moliya markazi organlarining konsolidatsiyalashgan yillik budjetini hamda konsolidatsiyalashgan yillik moliyaviy hisobotlarini koʻrib chiqadi, tasdiqlaydi va ularni amaldagi budjet toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq taqdim etadi.
