17-modda. Moliya markazi ishtirokchilarining pul majburiyatlari va valyutani tartibga solish
Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisida (O‘RQ-1158-son) · Sana: 13.07.2026 · Amalda
Moliya markazi ishtirokchilarining pul majburiyatlari ularning shartnomalarida kelishilgan chet el valyutalarida, shu jumladan Moliya markazining qarorlarida hamda Moliyaviy xizmatlar boshqarmasining tegishli qoidalarida ruxsat etilgan doirada raqamli aktivlarda ifodalanishi va bajarilishi mumkin.
Fond birjasidagi savdolar ishtirokchilarining pul majburiyatlari Fond birjasining qoidalarida belgilangan valyutada ifodalanadi va bajariladi.
Moliya markazi hududida moliyaviy xizmatlar hamda professional xizmatlar koʻrsatish bilan bogʻliq valyuta operatsiyalarining shartlari va tartibi Moliya markazining qarorlari bilan tartibga solinadi.
Agar Moliya markazining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan birgalikda ishlab chiqilgan qarorlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasining umumiy valyuta toʻgʻrisidagi qonunchiligi bilan bogʻliq valyuta shartnomalarini, kapital harakati boʻyicha operatsiyalarni roʻyxatdan oʻtkazishga yoki ular haqida xabar berishga, xorijiy bank hisobvaraqlarini ochishga yoki yuritishga hamda valyuta operatsiyalari toʻgʻrisida xabar berishga oid talablar Moliya markazining ishtirokchilari tomonidan Moliya markazining yurisdiksiyasi doirasida amalga oshiriladigan valyuta operatsiyalariga nisbatan qoʻllanilmaydi.
Moliya markazining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan birgalikda ishlab chiqiladigan qarorlarida toʻlov balansi, moliyaviy barqarorlik uchun, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish hamda makroiqtisodiy monitoring maqsadlari uchun zarur boʻlgan axborotning Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan olinishini taʼminlaydigan soddalashtirilgan hisobot berish, axborot almashish va nazorat qilish mexanizmlari belgilanadi.
Moliya markazining ishtirokchilari nomidan valyuta operatsiyalarini amalga oshiruvchi banklar va ayrim turdagi bank operatsiyalarini bajaruvchi boshqa tashkilotlar tomonidan valyuta operatsiyalarining amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi axborotni taqdim etishga nisbatan qoʻyiladigan talablar hamda axborotni taqdim etish tartibi Moliyaviy xizmatlar boshqarmasining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan kelishilgan holda qabul qilinadigan qarorlarida belgilanadi.
Moliya markazining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan kelishilgan holda qabul qilinadigan qarorlarida Moliya markazining ishtirokchilariga nisbatan chet el valyutasidagi operatsiyalar toʻgʻrisidagi axborotni taqdim etishga doir talablar, Moliya markazining organlari va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki oʻrtasidagi axborot almashish tartibi, shuningdek Moliya markazining ishtirokchilari tomonidan Moliya markazi hududidan tashqarida Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlariga moliyaviy xizmatlar koʻrsatish tartibi, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasida omonatlarni qabul qilish, faoliyat yuritish qoidalari, isteʼmolchilarni himoya qilish va hisobot berish tartibi belgilanadi.
