16-modda. Jarimalar va majburlov choralari
Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisida (O‘RQ-1158-son) · Sana: 13.07.2026 · Amalda
Ushbu Konstitutsiyaviy Qonunning yoki Moliya markazi qarorlarining qoidalariga zid ravishda tijorat faoliyatini yoki moliyaviy faoliyatni amalga oshirgan Moliya markazining har qanday ishtirokchisi quyidagilardan oshmaydigan miqdorda jarimaga tortiladi:
oʻn million AQSH dollaridan oshmaydigan miqdorda;
qoidabuzarlikka sabab boʻlgan tegishli bitim, oʻzaro bogʻliq bitimlar yigʻindisi yoki faoliyat qiymatining oʻn foizidan oshmaydigan miqdorda.
Moliya markazining kengashi oʻz qarori bilan huquqbuzarliklar roʻyxatini va ular uchun qoʻllaniladigan sanksiyalarni tasdiqlaydi. Bunday sanksiyalar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
rasmiy ogohlantirish va bildirishnomalar berishni;
muayyan harakatlarni amalga oshirish haqida yoki muayyan harakatlarni amalga oshirishdan tiyilish toʻgʻrisida koʻrsatmalar berishni;
yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash yoki huquqbuzarlikdan oldingi holatni tiklash boʻyicha choralar koʻrishni;
huquqbuzarlik natijasida olingan foydani qaytarishni;
ommaviy tarzda yoki xususiy tanbeh berishni;
maxsus bilim va malakaga ega boʻlgan shaxslarni jalb etishni yoki tayinlashni;
tadbirkorlik faoliyatini cheklashni;
ayrim jismoniy shaxslarga nazorat qilinadigan funksiyalarni bajarishni taqiqlashni yoki ularni bunday funksiyalarni bajarishdan muayyan muddatga chetlashtirishni;
litsenziya berish yoki roʻyxatdan oʻtkazish uchun shartlar qoʻyishni;
litsenziyani yoki roʻyxatdan oʻtganlikni muayyan muddatga toʻxtatib turishni;
litsenziyani yoki roʻyxatdan oʻtganlikni toʻliq bekor qilishni;
shoshilinch himoya choralarini qoʻllashni;
Moliya markazi kengashining qarorida nazarda tutilgan boshqa sanksiyalarni.
Ushbu modda qoidalari Moliyaviy xizmatlar boshqarmasining qarorlariga muvofiq prudensial choralarni, nazorat yoki himoya choralarini qoʻllash yuzasidan Moliyaviy xizmatlar boshqarmasining vakolatlarini cheklamaydi.
Moliya markazining tegishli qarorida belgilangan hollarda, bunday sanksiyalar jarimalarga qoʻshimcha ravishda yoki ularning oʻrniga qoʻllanilishi mumkin. Huquqbuzarliklar roʻyxatida nazarda tutilgan hech bir jarima ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan eng yuqori miqdordan oshib ketmasligi kerak.
Jarimalar va sanksiyalar Moliya markazining vakolatli organlari tomonidan qoʻllanilishi mumkin.
