15-modda. Taqiqlangan faoliyat va xizmatlar
Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisida (O‘RQ-1158-son) · Sana: 13.07.2026 · Amalda
Moliya markazi hududida quyidagi faoliyat turlarini amalga oshirish taqiqlanadi:
ushbu Konstitutsiyaviy Qonun, Moliya markazining qarorlari yoki Moliya markazining qarorlari asosida Moliya markazining ishtirokchilariga berilgan litsenziyalar, ruxsatnomalar, vakolatlar yoki roʻyxatdan oʻtkazish talablariga zid boʻlgan har qanday faoliyat;
Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligi bilan belgilangan jamoat tartibiga yoki ijtimoiy axloqqa zid boʻlgan har qanday faoliyat;
Moliya markazining hududidan tashqarida rezident boʻlgan yoki joylashgan shaxslardan Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasidagi chakana omonatlarni qabul qilish bilan bogʻliq faoliyat, bundan Moliya markazining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan kelishilgan holda ishlab chiqilgan qarorlarida yoʻl qoʻyilgan hollar mustasno;
Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga binoan taqiqlangan hamda ushbu Konstitutsiyaviy Qonunga yoki Moliya markazining qarorlariga muvofiq Moliya markazida ruxsat etilmagan tovarlarni ishlab chiqarish, sotish yoki tarqatish va xizmatlar koʻrsatish bilan bogʻliq faoliyat.
Moliya markazining organlari taqiqlangan faoliyatni amalga oshirayotgan Moliya markazining har qanday shaxslariga litsenziyalar berishni va ularni roʻyxatdan oʻtkazishni toʻxtatib turish, bekor qilish choralarini yoki ushbu Konstitutsiyaviy Qonunda va Moliya markazining qarorlarida nazarda tutilgan boshqa majburiy choralarni koʻrishi mumkin.
