14-modda. Moliya markazi hududida jinoiy yurisdiksiyani amalga oshirish
Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisida (O‘RQ-1158-son) · Sana: 13.07.2026 · Amalda
Agar Moliya markazi hududida Moliya markazining shaxslari tomonidan sodir etilgan, Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga muvofiq jinoiy javobgarlik belgilangan valyuta qimmatliklari, bojxona, soliq, raqobat va kripto-aktivlar aylanmasi toʻgʻrisidagi qonunchilikni, shuningdek savdo yoki xizmat koʻrsatish qoidalarini buzish bilan bogʻliq xatti-harakatlar (harakatsizlik) oʻz mohiyatiga koʻra tijorat nizosi, iqtisodiy, fuqarolik-huquqiy nizo, Moliya markazi organi talablarining buzilishi, moliya bozoridagi nojoʻya xatti-harakatni tashkil etsa, undan kelib chiqsa yoxud u bilan bogʻliq deb hisoblansa hamda ushbu Konstitutsiyaviy Qonun yoki Moliya markazining qarorlari doirasida hal qilinishi mumkin boʻlsa, Moliya markazining tegishli organi birinchi navbatda Moliya markazining yurisdiksiyasi doirasida mavjud boʻlgan iqtisodiy, fuqarolik-huquqiy choralarni, tartibga solish yoki maʼmuriy taʼsir choralarini qoʻllaydi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan xatti-harakatlar (harakatsizlik) roʻyxati va ular uchun qoʻllaniladigan taʼsir choralari Moliya markazining tegishli organi tomonidan belgilanadi.
Moliya markazining hech bir organi ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan holatlar boʻyicha ish materiallarini jinoyat ishini qoʻzgʻatish, tergov qilish yoki jinoiy taʼqib qilish masalasini hal etish uchun Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organlariga yubormaydi.
Ushbu modda Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiq jinoyat hisoblanadigan hamda Moliya markazi doirasida fuqarolik-huquqiy choralar, tartibga solish yoki maʼmuriy taʼsir choralari orqali yetarli darajada hal qilib boʻlmaydigan xatti-harakatlar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining huquqni muhofaza qiluvchi vakolatli organlari yurisdiksiyasini cheklovchi qoida sifatida talqin etilmasligi kerak. Bunday hollarda Moliya markazining tegishli organi huquqni muhofaza qiluvchi vakolatli organlar bilan toʻliq hamkorlik qiladi hamda tegishli masala boʻyicha tergovni va jinoiy taʼqib qilishni amalga oshirish uchun zarur yordam koʻrsatadi.
Moliya markazining organlari ushbu moddaga muvofiq fuqarolik-huquqiy choralarning, tartibga solish va maʼmuriy taʼsir choralarining ustuvorligini taʼminlash, shuningdek Moliya markazining yurisdiksiyasiga hamda milliy jinoiy yurisdiksiyaga taalluqli boʻlishi mumkin boʻlgan masalalarni koʻrib chiqish boʻyicha muvofiqlashtirilgan tartib-taomillarni belgilash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining huquqni muhofaza qiluvchi vakolatli organlari bilan hamkorlik toʻgʻrisida kelishuvlar tuzishi mumkin.
