13-modda. Moliya markazining investitsiyaviy soliq rezidentligi dasturi
Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisida (O‘RQ-1158-son) · Sana: 13.07.2026 · Amalda
Moliya markazining investitsiyaviy soliq rezidentligi dasturida (bundan buyon matnda Dastur deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasiga investitsiyalarni jalb etish maqsadida Moliya markazi kengashining qarori bilan belgilangan shakllarda, hajmlarda va vositalarda investitsiyalar kiritgan jismoniy shaxslarga hamda ularning oila aʼzolariga Moliya markazining investitsiyaviy soliq rezidenti maqomi berilishi nazarda tutiladi.
Dastur davlat xavfsizligi, ichki ishlar, iqtisodiyot va moliya, investitsiyalarga koʻmaklashish borasidagi davlat siyosatini amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan davlat organlari bilan kelishilgan holda qabul qilinadi. Moliya markazi kengashining Dasturni joriy etish toʻgʻrisidagi qarorida investitsiyalarning shakllari, hajmlari va vositalari, investitsiyaviy soliq rezidenti maqomini eʼtirof etish mezonlari hamda Dasturda ishtirok etish tartib-taomillari belgilanadi.
Moliya markazining qarorlari bilan quyidagi minimal talablar nazarda tutilgan Moliya markazining investitsiyaviy soliq rezidenti deb eʼtirof etish mezonlari belgilanadi:
Dasturda ishtirok etish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat qilishdan oldingi uch yillik davr mobaynida shaxs Oʻzbekiston Respublikasining soliq rezidenti boʻlmaganligi;
Dasturda ishtirok etish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat qilishdan oldingi oʻn yillik davr mobaynida shaxsning Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi tugatilmaganligi.
Agar Dasturda ishtirok etishning asosiy maqsadi yoki asosiy maqsadlaridan biri Oʻzbekiston Respublikasi bilan sezilarli darajada bogʻliq boʻlgan daromadlarga, aktivlarga, foydaga yoki faoliyatga oid soliqdan qochishdan yoxud soliqni kamaytirishdan iborat boʻlsa, shaxs Moliya markazi maʼmuriyatining asoslantirilgan xulosasiga koʻra Moliya markazining investitsiyaviy soliq rezidenti deb eʼtirof etilmaydi.
Moliya markazining qarorlarida Dasturning shaffofligini va ishonchliligini taʼminlash maqsadida benefitsiar mulkdorlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, mablagʻlar manbaini, mol-mulk manbaini, soliq rezidentligi tarixini, sanksiyaviy maqomni hamda zarur boʻlgan boshqa axborotni oshkor etish talablari belgilanishi mumkin.
Moliya markazining investitsiyaviy soliq rezidenti maqomini olish quyidagi huquqlar va imkoniyatlarni beradi:
ushbu Konstitutsiyaviy Qonunning 18-moddasida belgilangan soliq imtiyozlarini qoʻllash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining soliq rezidenti deb eʼtirof etilishni;
