18-modda. Moliya markazi hududidagi soliq va bojxona rejimi
Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisida (O‘RQ-1158-son) · Sana: 13.07.2026 · Amalda
Moliya markazi hududida qoʻllaniladigan soliq va bojxona rejimi ushbu Konstitutsiyaviy Qonun hamda Moliya markazining Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda qabul qilinadigan qarorlari bilan tartibga solinadi. Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi normalari Moliya markazi hududida faqat ushbu Konstitutsiyaviy Qonunda yoki Moliya markazining qarorlarida toʻgʻridan-toʻgʻri nazarda tutilgan hollarda qoʻllaniladi.
Moliya markazining organlari va Moliya markazi organlari tomonidan tashkil etilgan yoki ularga toʻliq egalik qilinadigan hamda ular tomonidan nazorat qilinadigan tashkilotlar yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻini va ijtimoiy soliqni toʻlashdan Moliya markazining ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan qarorlarida belgilangan shartlarga rioya etilgan taqdirda, 2076-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda ozod qilinadi.
Moliya markazining qarorlarida nazarda tutilgan shartlarga javob beradigan Moliya markazining malakali ishtirokchilari Moliya markazining ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan qarorlarida, shuningdek ushbu moddada hamda Moliya markazining qarorlarida belgilangan talablarga va shartlarga muvofiq moliyaviy xizmatlardan olingan daromad boʻyicha foyda soligʻini hamda ijtimoiy soliqni toʻlashdan 2076-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda ozod qilinadi, bundan Moliya markazining qarorlarida belgilangan iqtisodiy mohiyat, korporativ boshqaruv shartlariga, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish, kiberxavfsizlik shartlariga hamda boshqa shartlarga javob bermaydigan raqamli aktivlar birjalari mustasno.
Moliya markazining malakali ishtirokchisi deganda Moliya markazining quyidagi barcha shartlarga javob beradigan ishtirokchisi tushuniladi:
Moliya markazida yetarli iqtisodiy mohiyatga ega boʻlish;
tegishli daromadni Moliya markazida koʻrsatiladigan yoki eksport qilinadigan moliyaviy xizmatlardan olish;
Moliya markazi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan birgalikda qabul qilingan qarorlarda belgilanadigan boshqa talablarga javob berish.
Ushbu moddaning toʻrtinchi qismida belgilangan shartlarga javob bermaydigan Moliya markazining ishtirokchisi yoki Moliya markazining qarorlarida belgilangan iqtisodiy mohiyat, korporativ boshqaruv shartlariga, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish, kiberxavfsizlik shartlariga hamda boshqa shartlarga javob bermaydigan raqamli aktivlar birjasi ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq qoʻllaniladigan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga binoan soliqqa tortiladi hamda ushbu moddaning oltinchi qismida belgilangan shartlar bajarilgan taqdirda, mazkur qismda nazarda tutilgan soliqdan ozod etish huquqini saqlab qoladi.
