10-modda. Moliya markazi qarorlarining jamoatchilik muhokamasi
Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisida (O‘RQ-1158-son) · Sana: 13.07.2026 · Amalda
Moliya markazining muhim ahamiyatga ega qarori qabul qilinguniga qadar Moliya markazining tegishli organi ushbu moddaga muvofiq jamoatchilik muhokamasini oʻtkazishi shart.
Moliya markazining muhim ahamiyatga ega qarori boʻyicha jamoatchilik muhokamasi jarayoni quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
Moliya markazining taklif etilayotgan qarori, uning siyosiy-huquqiy asoslari, fikr-mulohazalar bildirish soʻralayotgan asosiy masalalar va muhokama muddati koʻrsatilgan muhokama hujjati eʼlon qilinishini;
kelib tushgan barcha fikr-mulohazalar koʻrib chiqilishini;
qabul qilingan fikr-mulohazalar qanday hisobga olinganligi tushuntirilgan, muhokama natijalariga doir javob eʼlon qilinishini.
Moliya markazining tegishli organi shoshilinch holatlar sababli qarorni darhol qabul qilish zarur deb yozma ravishda belgilagan taqdirda, Moliya markazining muhim ahamiyatga ega qarori oldindan jamoatchilik muhokamasisiz qabul qilinishi mumkin. Bunda Moliya markazining tegishli organi shoshilinch holatlarning sabablarini qaror matnida koʻrsatishi, qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran oltmish kun ichida jamoatchilik muhokamasini oʻtkazishi va jamoatchilik muhokamasi natijalariga koʻra, zarur deb topilgan hollarda, mazkur qarorni tegishincha oʻzgartirishi shart.
Moliya markazining kengashi Moliya markazining qarori bilan jamoatchilik muhokamasi muddatining davomiyligiga, jamoatchilik muhokamasi hamda tartibga solish taʼsirini baholashning shakliga va qamroviga, shuningdek Moliya markazining muhim ahamiyatga ega qarori loyihasining muhimlik darajasidan kelib chiqib, ushbu modda va ushbu Konstitutsiyaviy Qonunning 11-moddasi talablarini mutanosib tarzda qoʻllashga doir qoʻshimcha talablarni belgilashi mumkin.
Mazkur Konstitutsiyaviy Qonunning ushbu moddasi va 11-moddasi qoidalari Moliya markazining ushbu Konstitutsiyaviy Qonun kuchga kirganidan keyin oʻn ikki oy ichida qabul qilinadigan qarorlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
