49-modda. Shaharsozlik renovatsiyasi hududidagi mavjud turar va noturar joy toifasidagi obyektlarga hamda ular joylashgan yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarning oʻtishi
Shaharsozlik renovatsiyasi toʻgʻrisida (O‘RQ-1149-son) · Sana: 10.06.2026 · Amalda
Har bir shaharsozlik renovatsiyasi hududida alohida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan, tegishliligiga koʻra renovatsiya loyihasini amalga oshirish huquqini qoʻlga kiritgan shaxslar taʼsischiligida Direksiya tashkil etiladi. Bunda Direksiyaning shtatlar soni va xodimlarining oylik maoshlari miqdori Direksiyaning taʼsischisi tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi.
Shaharsozlik renovatsiyasi hududidagi mavjud turar va noturar joy toifasidagi obyektlar hamda ular joylashgan yer uchastkalariga boʻlgan huquqlar kompensatsiya olishga yoki hissa qoʻshuvchi sifatida kelishuv bitimi tuzilganidan keyin Direksiyaga oʻtgan hisoblanadi. Bunda pul mablagʻlari shaklida yoki boshqa joydan turar va noturar joy toifasidagi obyektni mulk qilib berish shaklida kompensatsiya berish boʻyicha kelishuvga erishilgan taqdirda ushbu kompensatsiyalar toʻliq qoplab berilganidan keyin kelishuv bitimi tuziladi.
Kelishuv bitimi koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni Direksiya nomiga davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun asos hisoblanadi.
Huquq egalariga tegishli boʻlgan bino, inshoot va yer uchastkalarini Direksiyaga oʻtkazish bilan bogʻliq noqonuniy xatti-harakatlar qilish taqiqlanadi.
Direksiyaning faoliyat yuritish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
