43-modda. Shaharsozlik renovatsiyasi amalga oshiriladigan hududda yangi quriladigan turar va noturar joy toifasidagi obyektni mulk qilib berish shaklidagi kompensatsiyani berish tartibi
Shaharsozlik renovatsiyasi toʻgʻrisida (O‘RQ-1149-son) · Sana: 10.06.2026 · Amalda
Huquq egasiga shaharsozlik renovatsiyasi amalga oshiriladigan hududda yangi quriladigan turar va noturar joy toifasidagi obyektni mulk qilib berish shaklidagi kompensatsiyani berish huquq egasi va Direksiya oʻrtasidagi kelishuv bitimida nazarda tutilgan muddatlarda amalga oshiriladi.
Huquq egasi va Direksiya oʻrtasidagi kelishuv bitimida kompensatsiya sifatida shaharsozlik renovatsiyasi amalga oshiriladigan hududda yangi quriladigan turar va noturar joy toifasidagi obyektni mulk qilib berish nazarda tutilgan taqdirda, shaharsozlik renovatsiyasi hududidagi yangi qurilgan obyektlar va ularning qismlarini berish, birinchi navbatda, ushbu huquq egalariga nisbatan kelishuv bitimiga muvofiq amalga oshiriladi. Bunda huquq egalariga ixtiyoriy ravishda oʻzlariga tegishli boʻlgan mulk huquqini oʻz mablagʻlari hisobidan ixtiyoriy sugʻurtalash imkoniyati yaratiladi.
Kompensatsiya sifatida beriladigan shaharsozlik renovatsiyasi amalga oshiriladigan hududdagi yangi quriladigan turar va noturar joy toifasidagi obyekt foydalanishga qabul qilinib, huquq egasiga mulk qilib berilguniga qadar Direksiya tomonidan huquq egasiga vaqtinchalik foydalanish (yashash) uchun turar va noturar joy toifasidagi obyekt taqdim etilishi shart. Agar bunda kompensatsiya sifatida beriladigan turar va noturar joy toifasidagi obyekt qurilishining yakunlanishi hamda huquq egasiga mulk qilib berilishi huquq egasiga vaqtinchalik foydalanish (yashash) uchun berilgan kundan eʼtiboran yigirma toʻrt oydan oshib ketsa, Direksiya huquq egasiga har bir kechiktirilgan kun uchun aniqlangan kompensatsiya miqdorining 0,05 foizi miqdorida penya toʻlaydi.
Vaqtinchalik foydalanish (yashash) uchun berilgan turar va noturar joy toifasidagi obyektga koʻchish bilan bogʻliq barcha xarajatlar Direksiya hisobidan amalga oshiriladi. Agar koʻchish bilan bogʻliq barcha xarajatlar bevosita huquq egasi tomonidan amalga oshirilgan boʻlsa, ushbu xarajatlarning oʻrni Direksiya tomonidan qoplab berilishi shart.
Koʻchish bilan bogʻliq xarajatlar miqdori kelishuv bitimiga binoan belgilanadi.
