44-modda. Boshqa joydan turar va noturar joy toifasidagi obyektni mulk qilib berish shaklidagi kompensatsiyani berish tartibi
Shaharsozlik renovatsiyasi toʻgʻrisida (O‘RQ-1149-son) · Sana: 10.06.2026 · Amalda
Boshqa turar va noturar joy toifasidagi obyektni mulk qilib berish shaklidagi kompensatsiya kelishuv bitimida nazarda tutilgan muddatlarda shaharsozlik renovatsiyasi amalga oshiriladigan hududdan tashqarida joylashgan turar va noturar joy toifasidagi obyektni mulk qilib berish orqali amalga oshiriladi. Bunda huquq egalariga oʻzlariga tegishli boʻlgan mulk huquqini oʻz mablagʻlari hisobidan ixtiyoriy sugʻurtalash imkoniyati yaratiladi.
Huquq egasiga kompensatsiya qilib berilayotgan boshqa turar va noturar joy toifasidagi obyekt, qoida tariqasida, uning buziladigan turar va noturar joy toifasidagi obyekt joylashgan tumanda (shaharda) beriladi.
Huquq egasiga, uning tanloviga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasining boshqa hududidan ham boshqa turar va noturar joy toifasidagi obyekt mulk qilib berilishi mumkin.
Boshqa turar va noturar joy toifasidagi obyekt qurilishi yakunlanmagan boʻlsa, huquq egasiga Direksiya tomonidan vaqtinchalik foydalanish (yashash) uchun turar va noturar joy toifasidagi obyekt taqdim etilishi shart.
Bunda huquq egasi nogironligi boʻlgan shaxs boʻlsa, kompensatsiya qilib berilayotgan boshqa turar va noturar joy toifasidagi obyekt yoki Direksiya tomonidan vaqtinchalik foydalanish (yashash) uchun taqdim etiladigan turar va noturar joy toifasidagi obyekt nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qulay va toʻsiqsiz harakatlanish muhitiga ega boʻlishi shart.
Agar boshqa turar va noturar joy toifasidagi obyekt qurilishi yakunlanishi huquq egasiga vaqtinchalik foydalanish (yashash) uchun berilgan kundan eʼtiboran yigirma toʻrt oydan oshib ketsa, Direksiya huquq egasiga har bir kechiktirilgan kun uchun aniqlangan kompensatsiya miqdorining 0,05 foizi miqdorida penya toʻlaydi.
Vaqtinchalik foydalanish (yashash) uchun berilgan boshqa turar va noturar joy toifasidagi obyektga koʻchish bilan bogʻliq xarajatlar Direksiya hisobidan amalga oshiriladi. Agar koʻchish bilan bogʻliq xarajatlar bevosita huquq egasi tomonidan amalga oshirilgan boʻlsa, ushbu xarajatlarning oʻrni Direksiya tomonidan qoplab berilishi shart.
Koʻchish bilan bogʻliq xarajatlar miqdori huquq egasi va Direksiya oʻrtasidagi kelishuv bitimiga binoan belgilanadi, bunday kelishuv bitimiga erishilmagan taqdirda, koʻchish bilan bogʻliq xarajatlar miqdori sud tartibida belgilanadi.
