28-modda. Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish boʻyicha tashabbus kirituvchi subyektlar
Shaharsozlik renovatsiyasi toʻgʻrisida (O‘RQ-1149-son) · Sana: 10.06.2026 · Amalda
Davlat tashabbusiga koʻra tuman (shahar) hokimligi, huquq egalari nomidan huquq egalarining notarial tartibda tasdiqlangan umumiy yigʻilishi qarori asosida vakil qilingan shaxs, uchinchi shaxslar nomidan jismoniy va yuridik shaxslar shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish boʻyicha tashabbus kirituvchi subyektlar (bundan buyon matnda tashabbus kirituvchi subyektlar deb yuritiladi) hisoblanadi.
Tashabbus kirituvchi subyektlar mazkur Qonun 4-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan asoslarga muvofiq eskirgan, yashash va foydalanish uchun yaroqsiz boʻlib, avariya holatiga kelib qolgan turar va noturar joy toifasidagi obyektlar joylashgan hududlarning hamda hudud aholisining ijtimoiy hayotiga jiddiy taʼsir qiladigan holatlar mavjud boʻlganda tegishli hududda shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish tashabbusi bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga murojaat qilishga haqli.
