29-modda. Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish boʻyicha tashabbus kiritish tartibi
Shaharsozlik renovatsiyasi toʻgʻrisida (O‘RQ-1149-son) · Sana: 10.06.2026 · Amalda
Tuman (shahar) hokimliklari vakolatli tashkilotlar vakillaridan iborat komissiyaning ijobiy xulosasi asosida eskirgan, yashash va foydalanish uchun yaroqsiz boʻlib, avariya holatiga kelib qolgan turar va noturar joy toifasidagi obyektlar joylashgan hududda, shuningdek hudud aholisining ijtimoiy hayotiga jiddiy taʼsir qiladigan holatlarning mavjudligini asoslovchi maʼlumotlar asosida muayyan hududda shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish yuzasidan tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga taklif kiritishi mumkin.
Huquq egalari umumiy yigʻilishi qarori asosida (har bir obyekt huquq egalarining kamida beshdan toʻrt qismining notarial tasdiqlangan yozma roziligi olinishi shart) umumiy yigʻilish vakil qilgan shaxs Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga tegishli hududda shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish yuzasidan murojaat qilishi mumkin.
Tegishli hududda shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish yuzasidan har bir obyekt huquq egalarining kamida beshdan toʻrt qismining notarial tartibda tasdiqlangan yozma roziligi olingan holda uchinchi shaxslar tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga taklif kiritiladi.
Huquq egalaridan renovatsiya loyihasini amalga oshirish boʻyicha yozma roziligini olish chogʻida renovatsiya loyihasi yuzasidan tegishli qaror qabul qilingunga qadar koʻchmas mulkni boshqa shaxsga oʻtkazmaslik yuzasidan rozilik ham olinadi. Bunda renovatsiya loyihasi shaharsozlik renovatsiyasi dasturiga kiritilgan taqdirda, Direksiya va huquq egasi oʻrtasida koʻchmas mulkni oʻtkazish toʻgʻrisida tegishli bitim imzolangunga qadar koʻchmas mulkni boshqa shaxsga oʻtkazmaslik sharti saqlab qolinadi.
Huquq egalarining yozma roziligi notarial tartibda tasdiqlangan dastlabki bitimini tuzish orqali amalga oshiriladi hamda unda kelishilgan kompensatsiya shakli va miqdori koʻrsatilishi shart.
Tashabbus kirituvchi subyektlar tomonidan kiritiladigan takliflar renovatsiya loyihasining konsepsiyasi bilan birga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga kiritiladi.
