31-modda. Ovoz berish binosi
“Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (265-II-son) · Sana: 30.08.2001 · Amalda
Ovoz berish maxsus ajratilgan binolarda oʻtkazilib, ularda yashirin ovoz berish uchun yetarli miqdorda kabinalar yoki xonalar jihozlangan boʻlishi, ovoz berish byulletenlari taqdim etiladigan joy aniqlangan va ovoz berish qutilari oʻrnatilgan boʻlishi lozim. Ovoz berish qutilari ularning yoniga ovoz beruvchilar albatta yashirin ovoz berish kabinalari yoki xonalaridan oʻtib boradigan qilib joylashtiriladi.
Ovoz berish binosida yoki bevosita uning oldida uchastka komissiyasi stend jihozlaydi, unga ovoz berish byulletenining namunasi va uni toʻldirish tartibi joylashtiriladi, agar referendumga qonun loyihasi qoʻyilgan boʻlsa, stendga shu loyihaning matni ham joylashtiriladi. Agar referendumga qoʻyilgan qonun loyihasi amaldagi qonunning bekor qilinishini yoki unga oʻzgartishlar yoxud qoʻshimchalar kiritilishini nazarda tutsa, stendga bekor qilinishi, oʻzgartirilishi yoxud qoʻshimchalar kiritilishi taklif qilinayotgan amaldagi qonun matni joylashtiriladi.
Tuman, shahar hokimligi ovoz berishni tashkil etish uchun har bir uchastkani bino bilan taʼminlaydi.
Binoni jihozlash va unda zarur tartibni saqlab turish masʼuliyati referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyasi zimmasida boʻladi. Ovoz berish binosida boshqa hech qanday siyosiy tadbirlar oʻtkazilishiga ruxsat etilmaydi.
