30-modda. Referendumda ovoz berish byulletenlarini yetkazib berish
“Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (265-II-son) · Sana: 30.08.2001 · Amalda
Referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyalari ovoz berish byulletenlarini referendum oʻtkaziladigan kunga, shu jumladan muddatidan oldin ovoz berish kuniga kamida uch kun qolganida hududiy komissiyalardan oladi. Ovoz berish byulletenlari berilganligi va olinganligini hududiy komissiya va referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyasining raisi yoki rais oʻrinbosari yoxud kotibi tegishli hujjatda oʻz imzosi bilan tasdiqlaydi.
Referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyasi oladigan ovoz berish byulletenlarining soni uchastka boʻyicha roʻyxatlarga kiritilgan fuqarolar sonining yarim foizidan koʻp boʻlishi mumkin emas. Ovoz berish byulletenining oʻng tomoni yuqori burchagiga referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyasining ikki aʼzosi imzo qoʻyadi, imzolar referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyasining muhri bilan tasdiqlanadi. Uchastka komissiyasi tomonidan tasdiqlanmagan ovoz berish byulletenlari ovozlarni sanab chiqishda hisobga olinmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan referendum uchastkalaridagi ovoz beruvchilar soni haqida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar asosida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi ovoz berish byulletenlarining tayyorlanishi va yetkazib berilishini taʼminlaydi.
