32-modda. Ovoz berish vaqti va joyi
“Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (265-II-son) · Sana: 30.08.2001 · Amalda
Ovoz berish referendum kuni soat 8.00 dan 20.00 gacha oʻtkaziladi. Ovoz berish vaqti va joyi toʻgʻrisida uchastka komissiyasi referendum oʻtkaziladigan kunga kamida oʻn kun qolganda fuqarolarni xabardor qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan referendum uchastkalarida ovoz berish referendum kuni ushbu referendum uchastkalari joylashgan yerdagi mahalliy vaqt bilan soat 8.00 dan 20.00 gacha oʻtkaziladi.
Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, harbiy qismlarda, sanatoriylarda, dam olish uylarida, kasalxonalar va boshqa statsionar davolash muassasalarida, shuningdek olis va borish qiyin boʻlgan yerlardagi fuqarolar turgan joylarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan referendum uchastkalarida, agar roʻyxatga kiritilgan barcha fuqarolar ovoz berib boʻlgan boʻlsa, uchastka komissiyasi ovoz berish tugaganligini istalgan vaqtda eʼlon qilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan referendum uchastkalarida ovoz berish qutilarini soat 20.00 dan oldin ochish va ovozlarni sanab chiqishga yoʻl qoʻyilmaydi.
