21-modda. Referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyasini tuzish
“Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (265-II-son) · Sana: 30.08.2001 · Amalda
Referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyasi referendum tayinlash toʻgʻrisidagi qaror eʼlon qilinganidan keyin hududiy komissiya tomonidan yigirma besh kundan kechikmay besh — oʻn toʻqqiz nafar aʼzodan, shu jumladan komissiya raisi, rais oʻrinbosari va kotibidan iborat tarkibda tuziladi.
Referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyasi tarkibining soni zarur boʻlgan hollarda koʻpaytirilishi yoki kamaytirilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyasi raisining vazifalarini ularning rahbari amalga oshiradi.
Referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyasi aʼzoligiga nomzodlar fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan taklif etilib, bu nomzodlar xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilinadi hamda tegishli referendum oʻtkazuvchi hududiy komissiyaga tasdiqlash uchun tavsiya etiladi.
