20-modda. Hududiy komissiyaning vakolatlari
“Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (265-II-son) · Sana: 30.08.2001 · Amalda
Hududiy komissiya:
tegishli hududda ushbu Qonun ijrosini nazorat qiladi;
referendum uchastkalarini tuzadi, hudud boʻyicha ularning tartib raqamini belgilaydi, manzilini koʻrsatgan holda ularning roʻyxatini eʼlon qiladi;
referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyalarini tuzadi hamda ularning tarkibi va joylashgan manzili toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni eʼlon qiladi;
referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyalarining faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
mablagʻlarni referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyalari oʻrtasida taqsimlaydi, referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyalarining binolar, transport, aloqa vositalari bilan taʼminlanishini nazorat qiladi va tegishli hududda referendumni moddiy-texnika jihatidan taʼminlashning boshqa masalalarini koʻrib chiqadi;
referendumga qoʻyilgan masalaning mazmunini tushuntirishga qaratilgan tadbirlarni oʻtkazishda ommaviy axborot vositalariga koʻmaklashadi;
mahalliy davlat hokimiyati organlari vakillarining, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining referendumga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan axborotlarini tinglaydi;
ovoz beruvchi fuqarolarning roʻyxatlari tuzilishi va ularning hamma tanishib chiqishi uchun taqdim etilishini kuzatib boradi;
referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyalarini ovoz berish byulletenlari bilan taʼminlaydi;
tegishli hudud boʻyicha ovoz berish yakunlarini aniqlaydi va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etadi;
ovoz beruvchi fuqarolarning va referendum boshqa ishtirokchilarining murojaatlarini koʻrib chiqadi hamda ular yuzasidan qarorlar qabul qiladi, bundan referendum oʻtkazuvchi komissiyalarning harakatlari va qarorlari ustidan berilgan shikoyatlar mustasno;
ushbu Qonun talablari buzilganligi toʻgʻrisidagi materiallarni sudga yoki tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshiradi.
Hududiy komissiyaning ushbu Qonun bilan tartibga solinmagan vakolatlari saylov toʻgʻrisidagi qonunchilik bilan tartibga solinadi.
