54-modda. Jamiyat hujjatlarini saqlash
Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida (O‘RQ-1137-son) · Sana: 21.04.2026 · Amalda
Jamiyat, agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, quyidagi hujjatlarni ustavda belgilangan muddat mobaynida saqlashi shart:
jamiyatning taʼsis hujjatlarini, shuningdek jamiyatning taʼsis hujjatlariga kiritilgan hamda belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalarni;
jamiyat muassislari yigʻilishining jamiyatni tashkil etish va jamiyatning ustav fondiga (ustav kapitaliga) qoʻshiladigan pulsiz hissalarning pul bahosini tasdiqlash toʻgʻrisidagi qarorini, shuningdek jamiyatni tashkil etish bilan bogʻliq boshqa qarorlarni oʻz ichiga olgan bayonnomasini;
jamiyatning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligini tasdiqlovchi hujjatni;
jamiyatning oʻz balansida turgan mol-mulkka boʻlgan huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni;
jamiyatning filiallari va vakolatxonalari toʻgʻrisidagi nizomlarni;
jamiyatning shuʼba va qaram xoʻjalik jamiyatlari toʻgʻrisidagi nizomlarni;
jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishlarining, jamiyatning kuzatuv kengashi, kollegial ijro etuvchi organi va taftish komissiyasi majlislarining bayonnomalarini;
jamiyat taftish komissiyasining (taftishchisining) va auditorlik tashkilotining xulosalarini;
qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hujjatlarni.
Jamiyat ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan hujjatlarni oʻzining ijro etuvchi organi joylashgan yerda yoki jamiyat ishtirokchilariga maʼlum boʻlgan va ular uchun qulay boʻlgan boshqa joyda saqlaydi.
Jamiyat ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan hujjatlarni qonunchilikda yoki jamiyat ustavida belgilangan tartibda va muddatda jamiyat ishtirokchilarining va boshqa shaxslarning talabiga koʻra taqdim etadi.
Jamiyat faoliyati toʻgʻrisidagi sir tutilgan axborotni oʻz ichiga olgan hujjatlar jamiyat bilan jamiyat ishtirokchisi yoki uchinchi shaxslar oʻrtasida ularni oshkor etmaslik toʻgʻrisidagi shartnoma asosida taqdim etilishi mumkin.
