53-modda. Jamiyatning auditorlik tekshiruvi
Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida (O‘RQ-1137-son) · Sana: 21.04.2026 · Amalda
Moliyaviy hisobotning hamda u bilan bogʻliq moliyaviy axborotning ishonchliligini va buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga muvofiqligini tekshirish uchun jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining qaroriga binoan qonunchilikda belgilangan tartibda auditorlik tashkiloti jalb etiladi.
Jamiyat ustavida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, jamiyatning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi (direktor) yoki kollegial ijro etuvchi organining raisi yoki aʼzolaridan biri saylab qoʻyiladigan lavozimda boʻlish muddati tugashidan yoxud ulardan biri oʻz arizasiga asosan lavozimidan ozod etishni soʻrab murojaat etganidan keyin jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi qaroriga asosan jamiyat faoliyati tashqi auditdan oʻtkazilishi mumkin.
Auditorlik tekshiruvi jamiyat ishtirokchisining talabi bilan oʻtkazilgan taqdirda, auditorlik tashkilotining xizmatlari uchun auditorlik tekshiruvi oʻtkazishni talab qilgan jamiyat ishtirokchisining mablagʻlari hisobidan haq toʻlanadi.
Jamiyat ishtirokchisining auditorlik tashkiloti xizmatlariga haq toʻlash bilan bogʻliq xarajatlarining oʻrni jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining qarori bilan jamiyat mablagʻlari hisobidan qoplanishi mumkin.
Jamiyatning moliyaviy hisobotlari qonunchilik hujjatlarida yoki jamiyatning taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda oshkor etilishi mumkin.
