50-modda. Yirik bitimlar
Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida (O‘RQ-1137-son) · Sana: 21.04.2026 · Amalda
Agar jamiyat ustavida yirik bitimlarning ancha katta miqdori nazarda tutilmagan boʻlsa, bunday bitimlarni tuzish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinadigan kundan oldingi oxirgi hisobot davri uchun moliyaviy hisobotlarning maʼlumotlari asosida aniqlangan jamiyat sof aktivlari miqdorining yigirma besh foizidan ortiq qiymatga ega boʻlgan mol-mulkni jamiyat olishi, oʻz tasarrufidan chiqarishi yoki jamiyat bevosita yoxud bilvosita mol-mulkni tasarrufidan chiqarishi ehtimoli bilan bogʻliq boʻlgan bitim yoki oʻzaro bogʻliq bir necha bitim yirik bitim deb hisoblanadi. Jamiyatning odatdagi xoʻjalik faoliyati jarayonida tuziladigan bitimlar yirik bitimlar deb eʼtirof etilmaydi.
Ushbu moddaning maqsadlari uchun yirik bitim natijasida jamiyatning tasarrufidan chiqariladigan mol-mulkning qiymati uning buxgalteriya hisobi maʼlumotlari asosida, jamiyat oladigan mol-mulkning qiymati esa taklif qilingan baho asosida aniqlanadi.
Yirik bitimni tuzish toʻgʻrisidagi qaror jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi tomonidan qabul qilinadi.
Jamiyatda jamiyatning kuzatuv kengashi tuzilgan taqdirda, qiymati jamiyat mol-mulki qiymatining yigirma beshdan ellik foizigachasini tashkil etadigan mol-mulkni olish, tasarrufdan chiqarish yoki jamiyat bevosita yoxud bilvosita tasarrufidan chiqarishi ehtimoli bilan bogʻliq boʻlgan yirik bitimlarni tuzish toʻgʻrisidagi qarorlarni qabul qilish jamiyatning ustaviga binoan jamiyat kuzatuv kengashining vakolatlari jumlasiga kiritilishi mumkin. Bunda jamiyat kuzatuv kengashining aybi bilan yirik bitim tuzilishi natijasida yetkazilgan zarar uchun jamiyatning kuzatuv kengashi umumiy yigʻilish oldida javobgar boʻladi.
Ushbu moddada nazarda tutilgan talablar buzilgan holda tuzilgan yirik bitim jamiyatning yoki uning ishtirokchisining daʼvosiga binoan sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
