51-modda. Jamiyatning taftish komissiyasi (taftishchisi)
Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida (O‘RQ-1137-son) · Sana: 21.04.2026 · Amalda
Jamiyat ustavida jamiyatning taftish komissiyasini tuzish (taftishchisini saylash) nazarda tutilishi mumkin. Jamiyatning ishtirokchisi boʻlmagan shaxs ham jamiyat taftish komissiyasining aʼzosi (taftishchisi) boʻlishi mumkin.
Agar jamiyat ustavida nazarda tutilgan boʻlsa, jamiyatning taftish komissiyasi (taftishchisi) vazifasini jamiyat, jamiyat kuzatuv kengashining aʼzolari, ishonchli boshqaruvchi, jamiyatning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi vazifasini bajaruvchi shaxs, kollegial ijro etuvchi organi aʼzolari va jamiyat ishtirokchilari bilan mulkiy manfaatlar bogʻlab turmaydigan auditorlik tashkiloti amalga oshirishi mumkin.
Jamiyat kuzatuv kengashining aʼzolari, yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi vazifasini amalga oshiruvchi shaxs va jamiyatning kollegial ijro etuvchi organi aʼzolari jamiyat taftish komissiyasining aʼzolari (taftishchisi) boʻlishi mumkin emas.
Jamiyatning taftish komissiyasi (taftishchisi) jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishi tomonidan jamiyatning ustavida belgilangan muddatga saylanadi.
Jamiyat taftish komissiyasi aʼzolarining soni jamiyatning ustavida belgilanadi.
Jamiyatning moliya-xoʻjalik faoliyati taftish komissiyasining (taftishchisining) tashabbusiga, ishtirokchilar umumiy yigʻilishining, kuzatuv kengashining qaroriga yoki jamiyat ishtirokchilari umumiy ovozlari sonining kamida oʻndan bir qismiga ega boʻlgan jamiyat ishtirokchilarining talabiga binoan bir yillik yoki boshqa davr uchun faoliyat yakunlariga koʻra tekshiriladi.
Jamiyat taftish komissiyasining (taftishchisining) talabiga binoan jamiyat kuzatuv kengashining aʼzolari, jamiyatning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi vazifasini amalga oshiruvchi shaxs, jamiyatning kollegial ijro etuvchi organi aʼzolari, shuningdek jamiyatning xodimlari ogʻzaki yoki yozma shaklda zarur tushuntirishlar berishi shart.
Jamiyatning taftish komissiyasi (taftishchisi) jamiyatning yillik hisobotlarini va buxgalteriya balanslarini ular jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishida tasdiqlanguniga qadar majburiy tartibda tekshirishdan oʻtkazadi.
Jamiyat taftish komissiyasining (taftishchisining) ish tartibi jamiyatning hujjatlari bilan belgilanadi.
