49-modda. Jamiyatning bitim tuzishdan manfaatdorligi
Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida (O‘RQ-1137-son) · Sana: 21.04.2026 · Amalda
Jamiyatning kuzatuv kengashi aʼzosi, yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi vazifasini amalga oshiruvchi shaxs, kollegial ijro etuvchi organi aʼzosi yoki oʻz affillangan shaxslari bilan birgalikda jamiyat ishtirokchilari umumiy ovozlari sonining yigirma va undan ortiq foiziga ega boʻlgan jamiyat ishtirokchisi tuzilishidan manfaatdor boʻlgan bitimlar jamiyat tomonidan jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining roziligisiz tuzilishi mumkin emas.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslar, ularning eri (xotini), ota-onasi, bolalari, aka-ukalari, opa-singillari va (yoki) ularning affillangan shaxslari quyidagi hollarda jamiyat tomonidan bitim tuzilishidan manfaatdor shaxslar deb eʼtirof etiladi:
ular bitim taraflari deb hisoblansa yoki jamiyat bilan munosabatlarda uchinchi shaxslarning manfaatlarini ifodalasa;
bitim tarafi hisoblanuvchi yoki jamiyat bilan munosabatlarda uchinchi shaxslarning manfaatlarini himoya qiluvchi yuridik shaxs aksiyalarining (paylarining, ulushlarining) yigirma va undan ortiq foiziga ega boʻlsa (har biri alohida-alohida yoki jamlangan holda);
bitim tarafi hisoblanuvchi yoki jamiyat bilan munosabatlarda uchinchi shaxslarning manfaatlarini himoya qiluvchi yuridik shaxsning boshqaruv organlarida lavozimni egallab turgan boʻlsa.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslar jamiyat ustavida belgilangan boshqa hollarda ham jamiyatning bitim tuzishidan manfaatdor shaxslar deb eʼtirof etiladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslar jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi eʼtiboriga quyidagi axborotni yetkazishi kerak:
oʻzining, oʻz eri (xotini), ota-onasi, bolalari, aka-ukalari, opa-singillari va (yoki) affillangan shaxslarining aksiyalarining (paylarining, ulushlarining) yigirma va undan ortiq foiziga ega boʻlgan yuridik shaxslar toʻgʻrisidagi;
oʻzining, oʻz eri (xotini), ota-onasi, bolalari, aka-ukalari, opa-singillari va (yoki) ularning affillangan shaxslari boshqaruv organlarida lavozimni egallab turgan yuridik shaxslar toʻgʻrisidagi;
ular tuzilishidan manfaatdor deb eʼtirof etilishi mumkin boʻlgan tuziladigan yoki taxmin qilinadigan bitimlar toʻgʻrisidagi.
Tuzilishidan manfaatdorlik boʻlgan bitimlarni jamiyat tuzishi toʻgʻrisidagi qaror jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi tomonidan jamiyatning uning tuzilishidan manfaatdor boʻlmagan ishtirokchilari umumiy ovozlarining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
