48-modda. Jamiyat boshqaruvida majoritar ishtirokchi
Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida (O‘RQ-1137-son) · Sana: 21.04.2026 · Amalda
Jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ellik foizdan ortiq ulushga egalik qiluvchi yoxud ulushi miqdori jamiyatning boshqa har bir ishtirokchisi ulushiga nisbatan koʻp boʻlgan hamda ovozi qaror natijasiga hal qiluvchi taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan ishtirokchi majoritar ishtirokchi hisoblanadi.
Jamiyatning majoritar ishtirokchisi jamiyat va boshqa ishtirokchilar manfaatlariga zarar yetkazilishi oʻziga ayon boʻlgan taqdirda, oʻziga tegishli ulushlar boʻyicha ustunlik mavqeyidan shaxsiy manfaatini koʻzlab foydalanmasligi va qarorlar qabul qilmasligi hamda jamiyat boshqaruv organlari yigʻilishi kun tartibiga jamiyatning va boshqa ishtirokchilarning manfaatlariga mos kelmaydigan yoki ushbu masala yuzasidan qaror qabul qilinishi natijasida jamiyat manfaatlariga zarar yetkazilishi oldindan maʼlum boʻlgan masalalarni hal etish uchun kiritmasligi kerak.
Jamiyatning majoritar ishtirokchisi ushbu moddada nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarmaslik natijasida jamiyatga va boshqa ishtirokchilarga yetkazilgan zarar uchun javobgar boʻladi.
