13-modda. Jamiyatning taʼsis shartnomasi
Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida (O‘RQ-1137-son) · Sana: 21.04.2026 · Amalda
Taʼsis shartnomasida jamiyatning muassislari jamiyatni tashkil etish majburiyatini oladi va uni tashkil etish yuzasidan birgalikdagi faoliyat tartibini belgilaydi. Taʼsis shartnomasida quyidagilar ham belgilanadi:
jamiyat muassislarining (ishtirokchilarining) tarkibi;
jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) miqdori va jamiyat har bir muassisi (ishtirokchisi) ulushining miqdori;
jamiyat taʼsis etilayotganda uning ustav fondiga (ustav kapitaliga) hissalarni qoʻshish tartibi, miqdori, usullari va muddatlari;
hissalarni qoʻshish boʻyicha majburiyatlarini buzganlik uchun jamiyat muassislarining (ishtirokchilarining) javobgarligi;
jamiyatning muassislari (ishtirokchilari) oʻrtasida foyda va zararlarni taqsimlash shartlari hamda tartibi;
jamiyat organlarining tarkibi va jamiyat ishtirokchilarining jamiyatdan chiqishi hamda uchinchi shaxslarni jamiyatga qabul qilish tartibi.
Taʼsis shartnomasi va unga kiritilgan oʻzgartirishlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilmaydi.
