14-modda. Jamiyat ustavi
Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida (O‘RQ-1137-son) · Sana: 21.04.2026 · Amalda
Jamiyat ustavida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
jamiyatning toʻliq va qisqartirilgan firma nomi;
jamiyat faoliyatining predmeti;
jamiyatning pochta manzili toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
jamiyat organlarining tarkibi va vakolatlari toʻgʻrisidagi, shu jumladan jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining mutlaq vakolatlari jumlasiga kiruvchi masalalar, jamiyat ustavida jamiyatning kuzatuv kengashini tuzish nazarda tutilgan taqdirda, kuzatuv kengashining vakolatlari, jamiyat organlari tomonidan qarorlar qabul qilish tartibi, shu jumladan qarorlar bir ovozdan yoki umumiy ovozlar sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat koʻpchilik (malakali koʻpchilik) ovozi bilan qabul qilinadigan masalalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) miqdori toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
jamiyat har bir ishtirokchisi ulushining miqdori va nominal qiymati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
jamiyat ishtirokchilarining huquqlari va majburiyatlari;
jamiyat ishtirokchisining jamiyatdan chiqishi tartibi va uning oqibatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
jamiyat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushning (ulush bir qismining) boshqa shaxsga oʻtishi tartibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
jamiyatning hujjatlarini saqlash tartibi hamda jamiyat tomonidan jamiyat ishtirokchilariga va boshqa shaxslarga axborot taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
jamiyatning vakolatxonalari va filiallari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
jamiyatning shuʼba va qaram xoʻjalik jamiyatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
qonunchilikka zid boʻlmagan boshqa maʼlumotlar.
Jamiyat ustavi va unga kiritilgan oʻzgartirishlar qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi kerak.
Jamiyat ustavi va unga kiritilgan oʻzgartirishlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran uchinchi shaxslar uchun kuchga kiradi. Vakolatxonalar va filiallar hamda shuʼba va qaram xoʻjalik jamiyatlarining tashkil etilishi, shuningdek jamiyatning pochta manzili oʻzgarishi bilan bogʻliq oʻzgartirishlar kiritilgan hollarda, bunday oʻzgartirishlar yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organ xabardor qilingan paytdan eʼtiboran uchinchi shaxslar uchun kuchga kiradi.
