20-modda. Huquqiy eksperiment tartibida qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlashni tashabbus qilish
Huquqiy eksperiment toʻgʻrisida (O‘RQ-1127-son) · Sana: 27.03.2026 · Amalda
Huquqiy eksperiment tartibida qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlashni tashabbus qilishga faqat, basharti:
koʻtarilayotgan masalalarni yoki muammolarni tartibga solishda maqbul yechimlarni tanlash uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni boshqa usullar yordamida, shu jumladan tartibga solish taʼsirini baholash orqali olish mumkin boʻlmasa;
ushbu Qonun bilan taqiqlanmagan munosabatlarni yaxshilashga, yengillashtirishga, soddalashtirishga va samaradorlikni oshirishga qaratilgan boʻlsa, yoʻl qoʻyiladi.
Huquqiy eksperiment tartibida qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlashni tashabbus qilish qonunchilikka muvofiq normativ-huquqiy hujjatlarni tashabbus qilish huquqiga ega organlar (shaxslar) tomonidan amalga oshiriladi.
Huquqiy eksperiment tartibida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining hamda unga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatning loyihasini tayyorlashni tashabbus qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Jismoniy va yuridik shaxslar tegishli davlat organlariga huquqiy eksperiment tartibida qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjat loyihasi toʻgʻrisida takliflar kiritishga haqli.
