19-modda. Fuqarolik jamiyati institutlarining huquqiy eksperimentda ishtirok etishi
Huquqiy eksperiment toʻgʻrisida (O‘RQ-1127-son) · Sana: 27.03.2026 · Amalda
Fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari oʻz vakolatlari doirasida:
davlat organlarining yoki ular huzuridagi ishchi guruhlarning, komissiyalarning va jamoatchilik-maslahat organlarining majlislarida koʻrib chiqish uchun huquqiy eksperimentni oʻtkazish dasturlarini va huquqiy eksperiment tartibida qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, tegishli loyihalarga doir takliflarni kiritishi;
huquqiy eksperiment tartibida qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tashabbus qilishda, koʻrib chiqishda va tayyorlashda ishtirok etishi;
huquqiy eksperimentni tashkil etish, oʻtkazish, uning natijalarini baholash va joriy etish ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishi;
huquqiy eksperiment toʻgʻrisidagi qonunchilikni takomillashtirishga doir takliflar kiritishi mumkin.
Fuqarolik jamiyati institutlari va fuqarolar masʼul organ tomonidan oʻtkaziladigan soʻrovnomalarda, davra suhbatlarida va ekspertlar yigʻilishlarida ishtirok etishi, ushbu institutlar va fuqarolarning takliflari majburiy tartibda koʻrib chiqilishi hamda natijalari huquqiy eksperiment yakunlari boʻyicha tayyorlangan hisobotda aks ettirilishi kerak.
