14-modda. Huquqiy eksperimentning muddatini, hududini va (yoki) shaxslar doirasini belgilash
Huquqiy eksperiment toʻgʻrisida (O‘RQ-1127-son) · Sana: 27.03.2026 · Amalda
Huquqiy eksperimentning muddati huquqiy eksperimentni tashkil etish, oʻtkazish, uning natijalarini baholash va joriy etish uchun oqilona sarflanadigan vaqt hisobga olingan holda olti oydan uch yilgacha boʻlgan muddatga belgilanadi. Huquqiy eksperiment koʻrsatilgan muddat tugaganidan keyin davom ettirilishi mumkin emas.
Huquqiy eksperimentning hududi huquqiy eksperimentning mazmunidan hamda u oʻtkaziladigan maʼmuriy-hududiy birlikning oʻziga xos xususiyatlaridan va tabiatidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Huquqiy eksperimentning shaxslar doirasi huquqiy eksperimentning mazmunidan va unda ishtirok etadigan shaxslarning oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan xolda belgilanadi.
Huquqiy eksperimentning muddatini, hududini va ushbu hududdagi shaxslar doirasini belgilashda tegishli mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan maslahatlashuvlar oʻtkaziladi.
Tegishli mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari huquqiy eksperimentda ishtirok etishga, shu jumladan hududlarni huquqiy eksperiment oʻtkaziladigan hududlar roʻyxatiga kiritishga yoki undan chiqarish boʻyicha asoslantirilgan takliflar taqdim etishga haqli.
