13-modda. Huquqiy eksperimentning shartlari
Huquqiy eksperiment toʻgʻrisida (O‘RQ-1127-son) · Sana: 27.03.2026 · Amalda
Huquqiy eksperimentni tashkil etishda, oʻtkazishda, uning natijalarini baholashda va joriy etishda quyidagi shartlarga amal qilinadi:
eksperimental-huquqiy normalarni qoʻllashda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan salbiy oqibatlarning oldini olish va ularni kamaytirish choralarini koʻrish;
eksperimental-huquqiy normalar huquqiy eksperimentni joriy etish maqsadlari doirasida sinovdan oʻtkazilayotganligini asoslash;
eksperimental-huquqiy normalarni turlicha talqin qilinmaydigan yoki noaniqlikka yoʻl qoʻyilmaydigan darajada tushunarli tarzda bayon etish;
huquqiy eksperimentni oʻtkazishda ishtirokchilarning tengligini taʼminlash, shuningdek yetarlicha asoslanmagan imtiyozlar, davlat yordami berilishiga va cheklovlar belgilanishiga yoʻl qoʻymaslik;
huquqiy eksperimentning oqilonaligi va manfaatdor taraflarda belgilangan talablarni bajarish imkoniyati mavjudligi;
eksperimental-huquqiy normalar bilan belgilanayotgan yangi talablarga moslashish uchun yetarli vaqt berilishi;
huquqiy eksperimentni oʻtkazish shart-sharoitlari va moliyalashtirish manbalari aniq hamda yetarli boʻlishi;
huquqiy eksperiment tartibida qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjat loyihasini, huquqiy eksperimentni oʻtkazish dasturini va huquqiy eksperiment yakunlari boʻyicha hisobotni jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazish;
huquqiy eksperiment va uning natijalari haqida Huquqiy eksperimentning yagona reyestri, ommaviy axborot vositalari, Internet jahon axborot tarmogʻi, shu jumladan rasmiy manbalar hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali jamoatchilikni xabardor qilish;
faqat kuchga kirgan, huquqiy eksperiment tartibida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatni yoki eksperimental-huquqiy normani huquqiy eksperimentdan oʻtkazish;
huquqiy eksperimentni tegishli munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga soluvchi oʻzaro teng yoki yuqoriroq yuridik kuchga ega boʻlgan huquqiy eksperiment tartibida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjat bilan oʻtkazish;
huquqiy eksperiment qaysi darajadagi normativ-huquqiy hujjat bilan oʻtkazilgan boʻlsa, uning natijalarini oʻsha darajadagi yoki undan yuqoriroq yuridik kuchga ega boʻlgan normativ-huquqiy hujjat bilan joriy etish.
