15-modda. Huquqiy eksperimentning yagona reyestri
Huquqiy eksperiment toʻgʻrisida (O‘RQ-1127-son) · Sana: 27.03.2026 · Amalda
Huquqiy eksperimentning yagona reyestri huquqiy eksperimentni tashkil etish, oʻtkazish va uning yakunlari boʻyicha amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi.
Huquqiy eksperiment oʻtkazilishini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat va huquqiy eksperimentni oʻtkazish dasturi qabul qilinganidan keyin bir ish kuni ichida vakolatli organ tomonidan quyidagi maʼlumotlar bilan birga Huquqiy eksperimentning yagona reyestriga kiritiladi:
huquqiy eksperimentni oʻtkazishning maqsadi va vazifalari;
huquqiy eksperimentning muddati, hududi va (yoki) shaxslar doirasi;
masʼul organlar va ularning vazifalari;
huquqiy eksperimentning oʻtkazilishini nazorat qiluvchi davlat organlari;
huquqiy eksperimentning samaradorligi va natijadorligini baholashga nisbatan qoʻyiladigan talablar yoki mezonlar, shu jumladan baholashdan oʻtkaziladigan koʻrsatkichlar.
Huquqiy eksperimentning yagona reyestri va undagi maʼlumotlar barcha foydalanishi uchun ochiqdir. Bunda oʻtkazilayotgan huquqiy eksperiment yuzasidan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan fikr-mulohazalar va (yoki) takliflar bildirish imkoniyati yaratiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Huquqiy eksperimentning yagona reyestri operatori hisoblanadi.
