27-modda. Ruxsatnomalarni berish
“Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (444-II-son) · Sana: 13.12.2002 · Amalda
Ruxsatnoma yuridik yoki jismoniy shaxsga ruxsatnoma berishga vakolatli organ tomonidan beriladi.
ruxsatnomalarni berish ochiq kim oshdi savdolari yoki yuridik va jismoniy shaxslarning ruxsatnoma berishga vakolatli organlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralari natijalari asosida oʻttiz kun ichida amalga oshiriladi.
Agar yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqi yuridik shaxslarning yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan birlashmasiga beriladigan boʻlsa, ruxsatnoma bunday birlashmaning ishtirokchilaridan biriga berilib, unda mazkur ishtirokchi shu birlashma nomidan ish yuritayotganligi, shuningdek birlashmaning boshqa barcha ishtirokchilari koʻrsatiladi.
Geologik jihatdan oʻrganish, foydali qazilmalarni kavlab olish, oltin izlovchilar usulida kavlab olish, texnogen mineral hosilalardan foydalanish, foydali qazilmalarni kavlab olish bilan bogʻliq boʻlmagan yer osti inshootlarini qurish va ulardan foydalanish, muhofaza etiladigan geologik obyektlarni barpo etish hamda nodir tosh xomashyosi namunalarini, paleontologik qoldiqlarni va boshqa geologik kolleksiyabop materiallarni toʻplash uchun ruxsatnomalar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tomonidan beriladi, bundan ushbu moddaning beshinchi qismida koʻrsatilgan ruxsatnomalar mustasno.
Chiqindilarni saqlash va koʻmib tashlash maqsadida yer osti inshootlarini qurish va ulardan foydalanish uchun ruxsatnomalar Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar natijalari asosida beriladi.
