26-modda. Yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqini beruvchi ruxsatnoma
“Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (444-II-son) · Sana: 13.12.2002 · Amalda
Tadbirkorlik tavakkalchiligi shartlari asosida geologik jihatdan oʻrganish uchun, foydali qazilmalarni kavlab olish, texnogen mineral hosilalardan foydalanish va foydali qazilmalarni kavlab olish bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa maqsadlar uchun yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi yuzaga kelishining asosi ruxsatnoma hisoblanadi.
Ruxsatnoma oʻz egasining muayyan chegaradagi yer qaʼri uchastkasidan belgilangan muddat mobaynida foydalanish huquqini tasdiqlaydi hamda yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish shartlarini belgilaydi.
Yer qaʼridan foydalanishning bir yoʻla bir necha turiga ruxsatnomalar berilishiga yoʻl qoʻyiladi.
Ruxsatnoma:
ruxsatnoma egasi haqidagi maʼlumotlarni;
yer qaʼri uchastkasining nomini;
yer qaʼridan foydalanish bilan bogʻliq ishlardan moʻljallangan maqsadni;
foydalanishga berilayotgan yer qaʼri uchastkasining dastlabki koʻrsatkichlarini;
yer qaʼridan foydalanish muddatlarini;
yer qaʼri uchastkasidan foydalanish shartlarini oʻz ichiga olishi kerak.
Yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish ishlarini moliyalashtirgan yuridik va jismoniy shaxslar oʻzi qidirib topgan kondan foydali qazilmalarni kavlab olishga ruxsatnoma olish uchun foydali qazilmalarning aniqlangan kon boʻyicha zaxiralari belgilangan tartibda tasdiqlangan sanadan boshlab bir yil davomida mutlaq huquqqa ega boʻladi. Mutlaq huquq berish muddati oʻtganidan soʻng ularda oʻzlari qidirib topgan kondan foydali qazilmalarni kavlab olish uchun ruxsatnomani ochiq kim oshdi savdolarida olishga boʻlgan ustun huquq saqlanib qoladi.
Ushbu Qonunning 31-moddasida nazarda tutilgan hollarda, shuningdek foydali qazilmalarni kavlab olish bilan bogʻliq boʻlmagan holda daryolarning oʻzanlarini, kanallar va kollektorlarni tozalashda ruxsatnoma olish talab qilinmaydi.
