28-modda. Kon ajratmasi
“Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (444-II-son) · Sana: 13.12.2002 · Amalda
Ruxsatnomaga muvofiq yer qaʼri foydali qazilmalarni kavlab olish, texnogen mineral hosilalardan foydalanish, foydali qazilmalarni kavlab olish bilan bogʻliq boʻlmagan yer osti inshootlari qurish va ulardan foydalanish, muhofaza etiladigan geologik obyektlar barpo etish uchun maydoni va chuqurligi cheklangan uchastkalar koʻrinishida (bundan buyon matnda kon ajratmasi deb yuritiladi) foydalanishga beriladi.
Kon ajratmasi chegaralarida xoʻjalik faoliyati va boshqa faoliyat yer qaʼri kimga berilgan boʻlsa, faqat oʻsha foydalanuvchining roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.
Foydali qazilmalar konlarini ishlatish uchun kon ajratmalari sanoat xavfsizligini taʼminlashga doir qismida Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi bilan kelishiladi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan beriladi.
Foydali qazilmalarni tajriba-sanoat yoʻsinida kavlab olish uchun ruxsatnomaga muvofiq beriladigan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanishda kon ajratmasi talab qilinmaydi, uglevodorodlarni tajriba-sanoat yoʻsinida kavlab olish bundan mustasno.
Foydali qazilmalar konlari joylashgan joylarda yer uchastkalarining ajratmasi kon ajratmasiga muvofiq ajratiladi.
Kon ajratmalarini berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
