23-modda. Ixtiro haqidagi talabnomaning yoki sanoat namunasi haqidagi talabnomaning mohiyati boʻyicha ilmiy-texnika ekspertizasi
“Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (397-II-son) · Sana: 29.08.2002 · Amalda
Davlat muassasasi patent boji toʻlangan taqdirda, talabnoma beruvchining yoki har qanday shaxsning iltimosnomasiga koʻra ixtiro haqidagi talabnomaning mohiyati boʻyicha ilmiy-texnika ekspertizasi oʻtkazadi. Iltimosnoma talabnoma topshirilayotganda yoki koʻrib chiqish uchun qabul qilingan talabnoma topshirilgan sanadan eʼtiboran uch yil ichida topshirilishi mumkin. Talabnoma beruvchi kelib tushgan iltimosnomalar haqida Davlat muassasasi tomonidan xabardor qilinadi.
Ixtiro haqidagi talabnomaning mohiyati boʻyicha ilmiy-texnika ekspertizasi oʻtkazish toʻgʻrisidagi iltimosnomani topshirish muddati bunday iltimosnomani topshirish uchun belgilangan miqdordagi patent boji toʻlangan taqdirda, talabnoma beruvchining talabnoma topshirilgan sanadan eʼtiboran uch yil oʻtguniga qadar topshirilgan iltimosnomasiga koʻra Davlat muassasasi tomonidan koʻpi bilan ikki oyga uzaytirilishi mumkin.
Ixtiro haqidagi talabnomaning mohiyati boʻyicha ilmiy-texnika ekspertizasi oʻtkazish toʻgʻrisidagi iltimosnoma uch yillik muddatda kelib tushmagan taqdirda, ixtiro haqidagi talabnoma chaqirib olingan hisoblanadi.
Davlat muassasasi patent boji toʻlangan taqdirda, sanoat namunasi haqidagi talabnomaning mohiyati boʻyicha ilmiy-texnika ekspertizasi oʻtkazadi. Patent boji rasmiy ekspertizaning patent berish haqidagi talabnoma koʻrib chiqish uchun qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi qarori talabnoma beruvchiga yuborilgan sanadan eʼtiboran uch oy muddat ichida toʻlanishi mumkin. Koʻrsatilgan muddat buzilgan taqdirda, talabnoma chaqirib olingan hisoblanadi.
Agar ixtiro haqidagi talabnomaning yoki sanoat namunasi haqidagi talabnomaning mohiyati boʻyicha ilmiy-texnika ekspertizasi natijasida talabnoma beruvchi taklif qilgan formula bilan ifodalangan ixtiro sifatida talabnomada koʻrsatilgan obyektning yoki muhim belgilari majmui bilan ifodalangan sanoat namunasi sifatida talabnomada koʻrsatilgan obyektning belgilangan talablarga mosligi aniqlansa, Davlat muassasasi patent berish haqida qaror qabul qiladi.
Ixtiro yoki sanoat namunasi sifatida talabnomada koʻrsatilgan obyektning patentga layoqatlilik shartlariga mos emasligi aniqlangan taqdirda, Davlat muassasasi patent berishni rad etish haqida qaror qabul qiladi.
